ATOM ENERGIYASI BO’YICHA XALQARO AGENTLIK
ATOM ENERGIYASI BO’YICHA XALQARO AGENTLIK (AEXA) – (MAGATE) — atom energiyasidan foydalanish bo‗yicha hukumatlararo tashkilot, BMTning Nyu-York konferensiyasi qaroriga binoan tashkil etilgan. Nizomi 1956-yilning sentabrida qabul qilinib, 1957-yilning 29-iyulida kuchga kirgan. Bosh qarorgohi — Vena shahri (Avstriya)da. AEXAga 114 ta mamlakat (2007-yil) a‘zo. AEXA maxsus tashkilotlar qatoriga kirishiga qaramay, alohida maqomga ega emas. BMT bilan uning aloqalari 1957-yil 14-noyabrda BMT Bosh Assambleyasi bilan imzolangan bitimga muvofiq amalga oshiriladi. Ushbu bitim va AEXA Nizomiga asosan agentlik har yilda kamida bir marta faoliyati to’g’risida BMT Bosh Assambleyasi yoki zarurat paydo bo’lganda uning Xavfsizlik Kengashi oldida hisobot beradi. Agentlikning asosiy maqsadi atom energiyasidan tinchlik yo’lida foydalanish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdan iborat. Turli mamlakatlarda o’z ilmiy tekshirish laboratoriyalari bor. AEXA rivojlanayotgan davlatlarga yadro xavfsizligi va radiatsion himoya uchun zarur bo’lgan asbob-uskunalar bilan yordamlashadi. AEXAning asosiy faoliyatiga kiradigan sohalar: qurol-yarog’ ishlab chiqaradgan yadro texnologiyasini qattiq nazoratgaolish; yadro energetikasi sohasida yordam ko’rsatish; radioaktiv chiqindilarni to’g’ri va xavfsiz ko’mish; shu sohaga oid Norma va Qoidalarni ekspert-yuristlar yordamida tayyorlash; ilmiy-texnik dasturlarini qo’llab-quvvatlash; avariyalarga oid dasturlar ishlab chiqish; qishloq xo’jaligida yadroviy usullar va radioaktiv moddalar yordamida hosildorlik va tuproq unumdorligini oshirish; qishloq xo’jaligi va chorvachilikda hasharotlar va kasalliklarga qarshi kurashda yordam berish va boshqalar. O’zbekiston Respublikasi 1994-yil 21- yanvarda AEXAga a‘zo bo’lib, xalqaro standartlarni tan olish, atom energiyasidan xalq xo’jaligida foydalanish, radioaktiv moddalar bilan xavf-xatarsiz ishlashda xalqaro standartlar, qonun-qoidalarga rioya qilishni o’z zimmasiga olgan. Agentlik oliy organi – Bosh konferensiya a‘zo davlatlarning vakillaridan tashkil topgan va har navbatdagi sessiyaga yig’iladi. Nizom bo’yicha navbatdan tashqari sessiyalar o’tkazish ham ko’zda tutilgan. AEXA Boshqaruvchilar kengashi agentlik ishlab chiqqan dastur, atom energiyasi sohasida umumiy siyosat va bosshqaruv ishlarini amalga oshiradi.