Atom energiyasi nima?
Atom energiyasi — bu, atomlardan olinadigan energiya. Har bir atom energiya zarrachalaridan iborat. Bu energiya esa atomdagi barcha zarrachalarni bir butunlikka aylantiradi. Shu sababli atom energiyasida atom yadrosi energiya manbai hisoblanadi. Bu energiya atomning parchalanishi paytida ajralib chiqadi. Amalda atomdan energiya olishning ikki usuli mavjud. Birinchisi — sintez reaktsiyasi, ikkinchisi — bo’linish reaktsiyasidir. Sintez reaktsiyasi paytida ikki atom birlashib, yagona atomni vujudga keltiradi. Atomlarning qo’shilishi jarayonida issiqlik tarzida kuchli energiya hosil bo’ladi. Quyosh energiyasining katta qismi quyoshda sodir bo’ladigan sintez reaktsiyasi natijasida yuzaga keladi. Bu atom energiyasining bir turidir. Ikkinchi usul — bo’linish reaktsiyasi yoki parchalanishdir. Parchalanish bir atomning ikkiga bo’linishidir. Bu hol atomlarning boshqa atomlar, masalan, neytronlar (u atom tarkibiga kiradi) tomonidan “bombardimon” qilinishi jarayonida ro’y beradi. Atomning har qanday “bombardimon” qilinishi ham uning parchalanishiga olib kelmaydi. Aksariyat atomlarni parchalab bo’lmaydi. Biroq uran va plutoniy atomlari qulay sharoitlarda parchalanadi. Uranning bir turi — uran-238 (u “Uran izotopi” deb ataladi) neytronlar tomonidan bombardimonga uchraganida ikki qismga parchalanadi. Bu paytda qanday energiya ajralib chiqishini siz tasavvur qila olasizmi? Uran-238 ning bir kichik ushoq bo’lagidan bir necha kilogramm ko’mir yonganida ajralib chiqadigan energiyaga nisbatan million marta ko’p energiya hosil bo’ladi. Uranning kichik bir bo’lagi ummondagi butun boshli bir kemani, tayyorani yoki generatorni ish bilan ta’minlay oladi. Ko’rayapsizki, atom energiyasi bashariyatning kelajagida asosiy energiya manbai bo’lib xizmat qilishi mumkin.