AVAZOV
AVAZOV Rixsi (1942.10.1, Janubiy Qozog’iston viloyati, Turbat qishlog’i) — O’zbekiston xalq artisti (2000). Toshkent davlat teatr va rassomlik san’ati intini tugatgan (1965). 1965 yildan Hamza teatrida aktyor. Valish (Azimzoda, “Nasriddinning sarguzashtlari”) Avazovning sahnadagi ilk obrazidir. Teatrdagi eng yaxshi rollari: Amirxon (Uyg’un, “Zebunisso”), Nodirshoh (Fitrat, “Abulfayzxon”), Abulmalik (Uyg’un, Izzat Sulton, “Alisher Navoiy”), Darvesh Ali (O. Yoqubov, “Bir koshona siri”) va boshqalar. Shuningdek, “Alisher Navoiy” (G’iyosiddin), “Yulduzli tunlar” (Ahmad Tanbal) kabi videofilmlarda, “Kun va tun” (Bobur) telespektaklida, “Kasalxona” (akademik Yo’ldoshev) filmida ham rollar ijro etgan. Avazov sahnada o’ynagan rollari o’ziga xos kuchli emotsionalligi, yetuk va to’laqonli talqin etilganligi bilan ajralib turadi. U har bir yaratgan obrazining ijtimoiy mohiyatini ochishga, unga mos mimik ifodalar, harakatlar, ohanglar topishga harakat qiladi.