Avesto
Avesto (ovasto)-zardushtiylik-zoroastrizm dinining muqaddas kitobi. Avesto juda qadimiy asar bo’lib, uning eng qadimiy qismi yangi eradan oldingi 2000 yilning oxirlari-1000 yilning boshlariga taalluqli. Davrlar o’tishi bilan unga turli diniy urf-odatlar, axloqiy va huquqiy qonun-qoidalar va boshqalar kirita borilgan. Avestoning bizga ma’lum variant yangi eraning 4-asrlarida Eronda yozib olingan. Shu variantiga astronomiya, meditsina, geografiya, etika va boshqa ilmlarga oid asarlar ham qisman qo’shilib ketgan. Zarushdiylik dinining vatanlaridan biri O’rta Osiyo hisoblangan. Avestoda Xorazm, So’g’diyona, Marg’ion, Baqtriya singari joylar ham tilga olinadi. Eramizning 9-asrida yaratilgan bir asarda aytilishicha, Avesto 21 qismdan iborat bo’lgan. “Katta Avesto” dan ayrim muhim duolar tanlab olinib, “Kichik Avesto” yaratilgan. Avesto diniy asar bo’lsa-da, unda O’rta Osiyo, Eron, Ozarbayjon tabiati va xalqlarining qadimgi davrdagi ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, urf-odatlari, ma’naviy madaniyati haqida ayrim qimmatli ma’lumotlar uchraydi.