AVIATSIYA

AVIATSIYA (Fransuzcha aviation, lotincha avis — qush) — havodan og’ir uchish apparatlarida yer atrofidagi havo bo’shlig’i (atmosfera)da parvoz qilish bilan bog’liq tushuncha. Aviatsiyada samolyotlar, vertolyotlar, planerlar ishlatiladi. Shu apparatlardan parvoz qilish (uchish) uchun foydalanadigan tashkilot (xizmat) ham Aviatsiya deb ataladi. Aviatsiya fuqaro Aviatsiya va harbiy Aviatsiyaga bo’linadi. Fuqaro Aviatsiyasi yo’lovchilar va yuklarni tashishda ishlatiladi. Uning transport, sanitariya xizmatiga, o’quvsport va maxsus ishlarga mo’ljallangan (qishloq xo’jaligida, aloqada, geologiya-qidiruv ishlarida, baliq ovlash va boshqalarda ishlatiladigan) xillari bor. Yo’lovchilar va yuklarni doimo tashishni ta’minlash uchun fuqaro Aviatsiyasi tarkibiga samolyotlar va vertolyotlar saroyi, uchishni ta’minlaydigan turli xizmatlar, aerodrom va aeroport kiradi. Harbiy Aviatsiya esa quruklikdagi qo’shinlar, harbiy-dengiz kuchlari, havo hujumidan mudofaa qilish qo’shinlari bilan birgalikda harakat qiladi hamda mustaqil vazifalarni bajaradi. Fuqaro Aviatsiya sohasida Leonardo da Vinchi havodan og’ir apparatlarda uchish mumkinligini birinchi bo’lib asoslashga urindi. U qushlarning uchishini kuzatib, havodan og’ir apparatlarda uchish mumkinligi to’g’risidagi g’oyani ilgari surdi. M. V. Lomonosov jahonda birinchi bo’lib vertolyot modelini yaratdi: dvigatel vazifasini o’tovchi prujina ta’sirida vintlar aylanganda model yuqoriga ko’tarildi. D. I. Mendeleyev hayotining oxirigacha aerodinamika va Aviatsiya masalalari bilan shug’ullandi. U 1887 yil aerostatda mustaqil uchib, 3350 metr balandga ko’tarildi. A. G. Eyfel vertolyot vintlarining ko’tarish kuchini o’rganishga oid tajribalar o’tkazdi. A. N. Lodigin uchish apparatlariga elektr dvigatellari o’rnatish g’oyasini ilgari surdi. A. F. Mojayskiy bir necha samolyot modelini qurdi, bu modellarni sinovdan o’tkazib, 1881 y. samolyoti uchun patent oldi. A. F. Mojayskiy o’z samolyotiga quvvati 30 (kattasiniki 20 va kichiginiki 10) ot kuchiga teng bo’lgan ikkita bug’ dvigateli o’rnatdi. Bu samolyot monoplane tipida bo’lgan. 19-asr 90-yillarida rus ixtirochisi V. V. Kotov planerlarning ba’zi modellarini ishlab chiqdi. 1894 yilda K. E. Tsiolkovskiyning “Aeroplan”, ya’ni “qush nusxa uchish mashinasi” degan asari bosilib chiqdi. Tsiolkovskiy bu asarida suyri shaklli monoplane loyihasini, uning uchish nazariyasi va hisobini berdi. 1892 yilda ingliz konstruktori Filippe aeroplani bir necha sekundgina havoga ko’tarildi. 1898 yilda muhandis Xiram Maksimning samolyoti sinab ko’rildi, ammo bu samolyot havoga sal ko’tarilgach, yerga quladi. Amerika professor Lengli benzin bilan ishlaydigan, quvvati 50 ot kuchiga teng motor o’rnatilgan samolyot qurdi, bu samolyot katapulta yordamida uchirib sinalayotganda havoga ko’tarildi-yu, shu zahoti ag’darilib tushdi. Frantsuz konstruktori Kleman Ader ko’rshapalak shaklidagi uchish apparati (“Avion”) ni qurdi (1897), u 300 metr uchib borib, yerga ag’darildi. Nemis muhandisi Otto Liliental 1891-96 yillarda o’zi loyihalagan planerlarda juda ko’p marta uchdi va 1896 yil 9 avgustda 20 metr balandlikdan planerda yerga qulab, halok bo’ldi. AQShda aka-uka Vilbur va Orvil Raytlar planerda uchishni o’rganib olganlaridan keyin samolyot qurdilar. Orvil Rayt bu samolyotda 1903 yil uchib ko’rdi. Bu samolyotga quvvati 16 ot kuchiga teng dvigatel o’rnatilgan edi. Birinchi uchishda samolyot 32 metrgacha parvoz qildi, uchish 3,5 sekund davom etdi. Aviatsiyaning rivojlanishida N. E. Jukovskiy va S. A. Chapligin asarlari muhim rol o’ynadi: Jukovskiy samolyot qanotlariga ta’sir qiluvchi kuchlar hisobini berdi, bir qancha qanot shakllarini yaratdi va ularni sinovdan o’tkazish usullarini ko’rsatdi, Chapligin katta tezliklar aerodinamikasiga asos soldi. Aviatsiya 20-asr boshidan tez sur’atlar bilan rivojlana boshladi, 1908 yil uchish uzoqligi bo’yicha qo’yilgan rekord 2 soat 18 minutni, 1912 yil 13 soat 17 minutni, tez uchish rekordi esa 1909 yil 80 kilometr soatni, 1912 yil 170 kilometr soatni tashkil etdi. Samolyotda 1909 yil atigi 510 metr balandda uchilgan bo’lsa, 1913 yil 5610 metr balandda uchildi. 1909 yilda frantsuz konstruktoruchuvchisi L. Blerio “Blerio-XI” nomli samolyotida Lamansh bo’g’ozi orqali Frantsiyadan Angliyaga uchib o’tdi. Shu yili bir qancha mamlakatlarda dastlabki Aviatsiya zavoddlari qurildi. Akademik B. N. Yurev 1910 yil bir vintli vertolyot loyihasini tuzdi va shu loyiha asosida vertolyot qurdi (1912). Moskvada tashkil etilgan xalqaro ko’rgazmada vertolyot uchun Yurev oltin medal bilan mukofotlandi. Rus muhandisi Ya. M. Gakkel 1910 yil qo’sh qanotli samolyot qurdi. 1911 yil ko’p yuk ko’tara oladigan va uzoq, masofaga qo’nmay ucha oladigan samolyot loyihalanib, sinab ko’rildi. Shu yili rus ixtirochisi I. I. Sikorskiy 4 motorli “Ilya Muromes” samolyotini qurdi. 1914 yil AQShda “Kertiss” samolyoti, 1915 yil Germaniyada “Siments Shukker” samolyoti qurildi. 1914 yil rus konstruktori V. A. Slesaryov “Svyatogor” samolyoti loyihasini tuzdi, bu samolyot ikki motorli, qo’sh qanotli edi. Rus konstruktori D. P. Grigorovichning M-5 (1915) va M-9 (1916) markali uchar qayiqlari o’sha davrda eng yaxshi gidrosamolyot hisoblangan. Aviatsiya texnikasining rivojlanishi bilan bir qatorda dunyo olimlari aerodinamika va samolyotning mustahkamligi sohasida nazariy izlanishlar va tajribalar o’tkazdilar, samolyot va havo vinti nazariyasi, samolyotlarning tezligi va uchish balandligi ustida ishladilar. 20-yillar boshlarida Aviatsiya sanoatida metall konstruktsiyali samolyotlar qurilishi tez rivojlana boshladi. A. N. Tupolev 1923 yil Ant-1, so’ngra ikki o’rinli ant-2 samolyotini yaratdi. Tupolev rahbarligida loyihalangan ant-3 (“Proletariy”) samolyotida 1926 yil uchuvchi M. M. Gromov Yevropani aylanib uchib o’tdi. Amerikaning “Rayan” firmasida tayerlangan samoletda 1927 yilda uchuvchi Ch. Lindberg birinchi marta AQShdan Atlantika okeani orqali Yevropaga uchib o’tdi. 1928 yilda “Bremen” W-33 (Germaniya) samolyotida birinchi marta Yevropadan Atlantika okeani orqali Shimoliy Amerikaga uchib o’tdi. Amerikaning “Duglas” firmasi tayyorlagan DS-3 va S-47 samolyotlaridan ko’p yillar davomida dunyoning ko’pgina mamlakatlarida foydalanildi. Tupolev rahbarligida loyihalangan ant-4 (TB-1) samolyotida 1929 yil uchuvchi S. A. Shestakov Moskvadan ko’tarilib, Sibir, Tinch okean orqali 20000 kilometr parvoz qilib, Nyu-Yorkka qo’ndi. 1928 yil Ant-9, keyin Ant-25 (rd) samolyotlari yaratildi. 1937 yil 18-20 iyunda uchuvchilar V. P. Chkalov, G. F. Baydukov va shturman A. B. Belyakovlar ant-25 samolyotida Moskva—Shimoliy qutb—Vankuver (AQSh) marshruti bo’yicha 8504 km masofani 63 soatu 16 minutda qo’nmay uchib o’tishdi. 30-yillardan boshlab biplanlan monoplanga o’tildi. Bu esa aerodinamika, qurilish mexanikasi va dvigatel qurilishidagi yutuqlarga bog’liq edi. Mustahkamlikka hisoblashning aniq usullari yaratildi. Samolyotlar g’ildiraklarini tormozlashni ishlab chiqish hamda qanotni mexanizatsiyalash qanotlarga tushadigan kuchlarni oshirishga imkon berdi va shu bilan uchish tezligi oshirildi. 1915 yilda “Fokker” (Germaniya) samolyoti uchish tezligi 150 kilometr soat, uchish balandligi 5000 metr bo’lgan bo’lsa, 1920 yilda bu ko’rsatkich “Fokker” D-VII, “Fokker” D-VIII (Germaniya), “Balilla” A-1, “Ansaldo” SVA-10 (Italiya) da 200 kilometr soat, 7000 metrga, 1940 yilda esa Xauker “Xarrikeyn”, “Spit-fayer”, MK-1 (Angliya), “Brusten” F2A-1, “Kertiss” R-36A, “Boum” V-150 (AQSh) samolyotlarida 660 kilometr soat, 12000 metrga yetdi. Shu bilan birga samolyotlarning uchish uzoqligi ham ortib bordi. 1915 yilda bu ko’rsatkich 400 kilometr bo’lgan bo’lsa, 1940 yilga kelib 4000 kilometrga yetdi. Seriyalab ishlab chiqariladigan dvigatellarning quvvati 700 ot kuchidan 2000 ot kuchigacha yetkazildi. Rossiya, Angliya, Germaniya, Italiya va AQSh da reaktiv dvigatel yaratish borasida qizg’in ish olib borildi. 1943-50-yillarda Angliyaning De Xevillend va Komitem Brabazen aviasiya firmasi 40 yo’lovchiga mo’ljallangan “komet-1” reaktiv samolyotini ishlab chiqdi va sinovdan o’tkazdi. Uning uchish tezligi 800 kilometr soat, uchish balandligi 12 kilometr, uchish uzoqligi 1650 kilometr. 1952 yilda uning “Komet-2”, “komet-ZV” va “komet-4” zamonaviylashtirilgan modellari ishlab chiqarila boshlandi. 1955 yil A. N. Tupolev rahbarligida tu-104 reaktiv samolyoti qurildi. Bu samolyot soatiga 800 kilometr tezlik bilan 8000-10000 metr balandlikda 3000 kilometr masofani qo’nmay uchib o’ta olgan. 1958 yilda AQSh da birinchi “Boing-707-120” reaktiv samolyoti qurildi. 120 yo’lovchiga mo’ljallangan bu samolyotning uchish tezligi 845 kilometr soat, uchish balandligi 11 kilometr, uchish uzoqligi 6000 kilometr. 1959 yilda Frantsiyada “Karavella” samolyoti qurildi. Reaktiv yo’lovchi samolyotlarning tejamsizligi tufayli turbovintli dvigatel (TVD) o’rnatilgan samolyotlar ishlab chiqarishga o’tildi. 1952 yilda ingliz konstruktorlari ana shunday konstruktsiyali “Bristol-175” (“Britaniya”) samolyotini yaratdilar (63-79 o’rindiqli, to’rt dvigatelli, uchish tezligi 570 kilometr soat, uchish uzoqligi 8600 kilometr bo’lgan). 1957 yil turbovintli il-18 samolyoti qurildi. 1956 yil O. K. Antonov rahbarligida 2 ta turbovintli dvigatel o’rnatilgan 40 o’rinli an-24 samolyoti, shundan keyin 4 ta turbovintli dvigatel o’rnatilgan 84 o’rinli an-10 samolyoti qurildi. Keyinchalik 1959 yilda “Elektra” (AQSh) samolyoti ishlab chiqarila boshlandi. So’ngra S. V. Ilyushinning 186 o’rinli il-62 yo’lovchi samolyoti, 350 o’rinli il-86 aerobusi yaratildi. Rus ixtirochisi I. P. Bratuxin ikkita dvigatel o’rnatilgan “Omega” vertolyotini va ikki motorli B-11 vertolyotini kurdi. 1961 yil turbovintli V-2 hamda V-8, V-12 vertolyotlari qurildi. 1966 yilda Frantsiya, Germaniya, Angliya, Niderlandiya va Ispaniyadagi aviatsiya firmalari birgalikda Yevropada yangi Eyrbas Indastri kontsernini tuzdi. Shu yili AQSh dagi Lokxid, Boing, Duglas firmalari va Eyrbas Indastri kontserni keng fyuzelyajli samolyotlar — aerobuslar yaratishga kirishdi. Shundan so’ng AQSh dagi firmalar L-1011 “Trister”, “Boing-747” va DC-10 aerobuslarini, Eyrbas Indastri kontserni esa A-300 samolyotlarini ko’plab ishlab chiqara boshladi. 500 yo’lovchiga mo’ljallangan “Boing-747” samolyotining uchish tezligi 935 kilometr soat, uchish uzoqligi 10000 kilometrdan ortiq. Keyingi yillarda bu samolyotning bir necha zamonaviylashtirilgan modellari ishlab chiqarildi: 500 yo’lovchiga mo’ljallangan “Boing-747-100”, 516 yo’lovchiga mo’ljallangan “Boing-747- 200V”, 670 yo’lovchiga mo’ljallangan “Boing-747SR” va boshqalar. A-300 samolyotlari 280-345 yo’lovchiga mo’ljallangan ikki dvigatelli, uchish tezligi 917 kilometr soat, uchish uzoqligi 2600-3900 kilometr. 1983 yilda bu samolyotning keyingi avlodlaridan A-300—600 ucha boshladi. Keyinchalik “Boing-747” aerobusi bilan raqobatlashadigan A-310, A-320, A-330, A-321, A-340 va boshqalar ishlab chiqarildi. Ko’p mamlakatlarda 1960 yil oxiridan boshlab tovushdan tezuchar samolyotlar yaratish ustida qizg’in ish olib borilmoqda. Rossiyada Tu-144, Angliya va Frantsiyada “Konkord”, samolyotlari yaratildi. Bular soatiga 2500-3000 kilometr tezlik bilan bir necha ming kilometr masofaga qo’nmay ucha oladi. Harbiy samolyotlar 30 kilometr balandlikda 10000 kilometr masofaga qo’nmay uchadi. Harbiy Aviatsiya Qadimda Xitoy va boshqa ba’zi mamlakatlarda harbiy maqsadlarda varrakdan foydalanilgan. Harbiy Aviatsiya har qaysi mamlakatda turli vaqtlarda paydo bo’lgan. 1910 yil Frantsiyada birinchi marta samolyotlar manyovrda ishtirok etib, razvedka vazifalarini bajardi. 1911 — 12 yillarda Tripolitaniya jangida (Italiya bilan Turkiya o’rtasida bo’lgan urushda) harbiy Aviatsiya birinchi sinovdan o’tdi. 1913 yil Bolqon urushida ham Aviatsiyadan foydalanildi. 1913 yil “Ilya Muromes” samolyotiga 4 ta pulemyot va bomba tashlash uchun maxsus asboblar o’rnatildi. O’sha yili bomba tashlash tajribasi asosida yangi aeroballistika faniga asos solindi. 1-jahon urushi boshlanganida Rossiyaning harbiy aviasiyasida 263 ta, Germaniyada 232 ta, Frantsiyada 156 ta, Avstriya-Vengriyada 65 ta, Angliyada 30 ta, AQSh da 30 ta, Italiyada 30 ta samolyot bo’lgan. l-jahon urushi paytida qiruvchi samolyotlar yaratildi. Qiruvchi samoletlarning uchish tezligi razvedka samolyotlarinikidan yuqori bo’lgan. 1915 yil maxsus bombardimonchi samolyotlar ixtiro qilinadi. Xuddi o’sha paytlarda dengiz samolyotlari ham paydo bo’ldi, ular dengizda razvedka qilish, dushman kemalariga, ob’yektlarga bomba tashlash vazifasini bajardi. O’z ustida 5-7 ta samolyotni olib yura oladigan avianoseslar paydo bo’ldi. 1-jahon urushidan keyin Aviatsiya alohida va mustaqil qo’shin turi bo’lib qoldi. 1-va 2-jahon urushlari o’rtasida Aviatsiya sohasida katta siljish bo’ldi. 1920 yil Rossiyada quvvati 200 ot kuchiga teng dvigatelli samolyot ishlab chiqarildi. 30-yillar boshida A. N. Tupolev TB-1 hamda TB-3 markali og’ir bombardimonchi samolyotlarni, 1935 yil uzun qanotli bir motorli TSAGI-25 samolyotini yaratdi. Bu samolyotda Moskvadan shimoliy qutb orqali Amerikaga qo’nmasdan uchib o’tildi. S. V. Ilyushin ikki motorli bombardimonchi RB-3 samolyotini, A. S. Yakovlev eng yengil va tez uchadigan qiruvchi yak-1 samolyotini yaratdi. Urush yillarida Yakovlev yana boshqa ko’plab qiruvchi samolyotlarni ixtiro qildi. 1940 yil A. I. Mikoyan bilan N. G. Gurevich 7-8 kilometr balandlikda 600 kilometr tezlik bilan uchadigan MIG-3 samolyotini ishlab chiqdilar. V. M. Petlyakov uzoqqa ucha oladigan bombardimonchi samolyot yaratdi. 2-jahon urushida Angliyada “Tayfun”, “Moskito”, “Lankester”, “Galifaks” nomli yangi bombardimonchi samolyotlar ishlab chiqara boshlandi, AQSh da to’rt motorli, o’ta tezuchar qal’a B-29, “Eyrkobra”, “Boing-17” bombardimonchi samolyotlari yaratildi. 1940-42 yillarda birinchi reaktiv dvigatelli samolyot “Kompini-kaproni”, Kk-1, kk-2 (Italiya), “Gloster” (Angliya), “Erkomet” (AQSh)lar uchdi. 1942 yilda turboreaktiv dvigatelli Me-262, Me-263 (Germaniya), “Meteor” (Angliya) samolyotlari ishlab chiqarila boshlandi. 1945 yilda “Gloster meteor-VI” samolyotida uchish tezligi bo’yicha jahon rekordi o’rnatildi (969,9 kilometr soat), 1947-48 yillarda sobiq Ittifoqda La-15 va MiG- 15 reaktiv samolyotlari, yak-23 reaktivqiruvchi, il-28 va Tu-14 bombardimonchi samolyotlar yaratildi. 50-60-yillarda aerodinamika fanidagi yutuqlar, yuqori quvvatli dvigatellarning yaratilishi “tovush tezligi”dan tez uchadigan samolyotlarni yaratishga imkon berdi. Ular boshqariladigan raketalar bilan qurollantirildi. Yadro quroli va turli raketalar bilan qurollangan qiruvchi samolyotlar, razvedkachi, bombardimonchi, transport samolyotlari reaktiv hamda turbovintli motorlar bilan ta’minlandi. 80-90-yillarda MiG, Yak, Su markali samoletlarning turli zamonaviylashtirilgan modellari, AQShda “Fantom” F-4, F-111, SR-71, Frantsiyada “Mirajііі”, “Miraj-IV”, Angliyada “Xarrier” samolyotlari ishlab chiqarila boshlandi. Qurolli kuchlar ixtiyorida bo’lgan Aviatsiya o’z vazifasiga ko’ra jangovar harbiy-dengiz, havo hujumiga qarshi mudofaa hamda transport Aviatsiyalariga, harbiy samolyotlar o’z taktik-texnik ko’rsatkichlari jihatidan og’ir strategik, o’rta strategik, yengil taktik bombardimonchi, qiruvchi, razvedkachi, havoda samolyotlarning benzin olishiga imkon beradigan samolyotlar va transport samolyotlariga bo’linadi. O’zbekiston ham samolyotsozlik rivojlangan mamlakatlardan biri hisoblanadi. O’zbekistonda samolyotlar ishlab chiqarish 40-yillar boshiga to’g’ri keladi. 1941 yil Ximki shahri (Moskva viloyati) dan Toshkentga ko’chirib keltirilgan V. P. Chkalov nomidagi aviasiya zavodi negizida barpo qilingan Toshkent aviatsiya zavodi (1996 yildan “Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat aktsiyadorlik jamiyati)da dastlab jangovar samolyotlar tayyorlangan. Urushdan keyingi yillarda il-14, 1958 yildan transport samolyotlari an-10, an-8, an-12, 1966 yildan an-22 “Antey” samolyotlari, 1973 yilda 40 tonna yuk ko’taradigan birinchi superlayner Il-76 ishlab chiqarildi. Il-76 samolyotning uchish tezligi 850 kilometr soat, uchish balandligi 12,1 kilometr, uchish uzoqligi 8 ming kilometr. 90-yillarda zavodning asosiy mahsuloti il-76 MF transport samolyotlari bo’ldi. 1992 yilda birlashma o’zining birinchi yangi Il-114 samolyotini qurdi. 1995 yil bu samolyot Jukovskiy shahrida o’tkazilgan ko’rgazmaga qo’yildi. 1997 yilda avgustda davlatlararo aviatsiya qo’mitasining Aviaregistri tomonidan Il-114 samolyotiga uchishga yaroqli degan sertifikat berildi. Bu samolyot (64 o’rinli, ikki dvigatelli) S. V. Ilyushin nomidagi konstruktorlik byurosida yaratilgan bo’lib, ekologik jihatdan toza, shovqinsiz, tejamli, qulayligi bilan ajralib turadi; yengil boshqariladi, betonli va gruntli yo’lkadan uchib chiqadi va qo’nadi. Uning maksimal tezligi 530 kilometr soat, uchish balandligi 7800 metr, uchish uzoqligi 1000 kilometr. Dvigateli Rossiya va Kanada mamlakatlarida ishlab chiqariladi. 1997 yilda S. Ilyushin nomidagi aviatsiya kompaniyasi (Rossiya) Il- 114 samolyotini ishlab chiqarish va Il-76 MF samolyotini ta’mirlash huquqini beradigan xalqaro sertifikatlarni Toshkent aviasozlariga topshirdi. Ad.: Vinogradov R. I., Ponomarev A. N., Razvitie Samolyotov mira, M., 1991; Ruzmetov A. G., Krilya nezavisimogo Uzbekistana, T., 1999. Zoir Shamsiev.