AVLIYO CHALABIY

AVLIYO CHALABIY, Avliyo Chalabiy Muhammad zalli ibn Darvish (1611 — 1683) — turkiyalik mashhur sayyoh va olim. Istanbulda zargar oilasida dunyoga kelgan. U Arab, fors va yunon tillarini, tarix, geografiya va she’riyat ilmi (poetika)ni chuqur egallagan. Avliyo Chalabiy birmuncha vaqt Istanbuldagi Ayo So’fiya masjidida hofizlik (qorilik) qilgan. So’ngra Sulton saroyiga xizmatga olinadi, lekin ko’p o’tmay harbiy xizmatga jo’natiladi. U bir necha bor Turk armiyasining Azovga (1641) va Vengriyaga (1656) qilgan yurishlarida qatnashgan. Avliyo Chalabiy Kichik Osiyo, Kurdiston, Suriya, Falastin, Mesopotamiya, Misr va Habashistonning ko’p joylarini kezib chiqqan (1640); u Janubiy Rossiya (1665), Krim va Kavkaz, xususan, Ozarbayjon (1644-48), Ukraina (1656-58), Bolqon yarim oroli (1656, 1680) bo’ylab sayohat qilgan. Bu mamlakatlarning tarixi, iqtisodiy, siyosiy ahvoli va xalqining urf-odati haqidagi qimmatli ma’lumotlar olimning “Sayyohning tarixi” yoki “Sayohatnoma” asarida keltirilgan. Asarning qo’lyozmalari Turkiya, Frantsiya, Angliya va b. mamlakatlarning qo’lyozma asarlar fondlarida saqlanmoqda. “Sayohatnoma” 1897-1938 yillar orasida 10 jildda turk tilida nashr etilgan. Uning ayrim qismlari G’arbiy va Sharqiy Yevropa tillariga, Moldova va Ukrainaga oid qismlari rus tiliga tarjima qilinib, 1961, 1979, 1983 yillarda nashr etildi.