AVLIYOOTA QORAMOL ZOTI
AVLIYOOTA QORAMOL ZOTI – sut uchun boqiladigan zot. 19-asr oxiri — 20- asr boshlarida Qirg’izistonning Talas vodiysi va Qozog’istonning Avliyoota uezdi (hozirgi Jambul viloyati) da jaydari zotlarni golland qoramol zoti bilan chatishtirishdan olingan avlodlarni o’zaro urchitish nuli bilan yaratilgan. 1950 yilda Avliyoota qoramol zoti rasman tasdiqlangan. Avliyoota qoramol zoti asosan ola, ba’zan qora. Buqalarining tirik vazni 800-950 kilogramm, sigirlariniki 450-530 kilogramm. Bir yilda 3000-3800 l, ba’zilari 8000 l gacha sut beradi. Sutining yog’liligi 3,7— 3,8%. Tog’-yaylovlarida boqishga moslashgan, issiqqa va qon parazit kasalliklari (teylorioz, piroplazmoz) ga chidamli. Umumiy soni 300 ming boshga yaqin. Asosan Qirg’iziston va Qozog’istonda tarqalgan. O’zbekistonda Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida ham boqiladi.