AVSTRIYA-PRUSSIYA URUSHI

AVSTRIYA-PRUSSIYA URUSHI (1866) — Avstriya bilan Prussiya o’rtasida ko’pdan beri davom etib kelgan janjalga barham bergan, Germaniyani birlashtirishda qaysi nemis davlati hukmron bo’lishi mumkin degan masalani hal etgan urush. Prussiya kantsleri Bismark urushga diplomatik va harbiy jihatdan puxta tayyorlik ko’rib, Frantsiya va Rossiyaning bu urushda betaraf bo’lishi to’g’risidagi va’dalarini oldi. Urushning dastlabki kunlaridayok, Avstriyaning ojizligi sezilib qoldi. 1866 yil 3 iyulda Sadova yonida avstriyaliklarga qattiq zarba berildi. Bu bilan Avstriyaning bundan keyin Germaniyani birlashtirish ishiga da’vogar bo’lmasligi masalasi hal etildi. Avstriya-Prussiya yarash bitimi 26 iyulda Nikolsburgda, sulh shartnomasi esa 23 avgustda Pragada imzolandi. Urush natijasida Prussiya o’z hududini ancha kengaytirdi va u boshchiligida shimoliy german davlatlari Ittifoqi tashkil topdi. Avstriya bu ittifoqdan chetda qoldi.