AVTOBUS

AVTOBUS (Avto (mobil) va lotincha (omni) dus — hamma uchun) — 9 va undan ortiq o’rinli yo’lovchilar tashiydigan avtomobil. Vazifasiga ko’ra, shahar Avtobuslari, shaharlararo Avtobuslar, shahar atrofi Avtobuslari va maxsus Avtobuslarga bo’linadi. Shahar Avtobuslari aholi yashaydigan punktlarda, shaharlararo Avtobuslar aholi yashaydigan punktlar orasida yo’lovchilarni tashiydi. Maxsus Avtobuslar sayyoxlar, dam oluvchilar, samolyotga chiquvchilar, ayrim idoralar va boshqalar uchun mo’ljallangan. Shaharlararo Avtobusda yukxona bo’ladi va o’rindiqlari uxlab ketish uchun moslashtiriladi. Avtobuslar ikki qavatli qilib ham ishlanadi. Avtobuslar qishda isitiladi, yozda esa shamollatib turiladi. Avtobuslar 110 kilometr/soatgacha tezlik bilan yura oladi. Avtobusning o’lchami (uzunligi) 5 metrdan (mikroavtobuslar) 24 metrgacha (qo’sh Avtobuslar). O’zbekistonda avtobus ishlab chiqarish istiqlol yillaridagina yo’lga qo’yildi. 1999 yildan Samarqand shahridagi “Sam-Kochavto” qo’shma korxonasida shaharlararo qatnashga mo’ljallangan M 23.9 (23 o’rindiqli; dvigatelining quvvati 65 kVt, maksimal tezligi 95 kilometr/ soat) va M 29 (29 o’rindiqli; dvigatelining quvvati 84,6 kVt, maksimal tezligi 105 kilometr/soat) rusumli, shuningdek shahar ichida qatnashga mo’ljallangan M 24.9 (23 o’rindiqli, dvigatelining quvvati 65 kVt, maksimal tezligi 95 kilometr/soat) rusumli Avtobus ishlab chiqariladi.