AVTOMOBIL

AVTOMOBIL (Avto … va lotincha mobilis — harakatchan) — dvigatel yordamida harakatga keltiriladigan relssiz transport vositasi. Yo’lovchilar va yuk tashishga mo’ljallangan. 1751 — 52 yillarda Nijniy Novgorod gubernyasi (Rossiya) dehqoni Leontiy Shamshurenkov ikki kishi oyog’i bilan yurgiziladigan “O’ziyurar aravacha” qurdi. I. P. Kulibin bir qancha muhim mexanizmlarni, masalan, uzatmalar qutisini taklif qildi. Bug’ mashinasi paydo bo’lgandan keyin ixtirochilar undan mexanik aravada foydalanishga harakat qildilar. 1769 — 70 yillarda frantsuz harbiy muhandisi N. J. Kyuno artilleriya to’plari uchun 3 g’ildirakli bug’aravasi qurdi. Angliyada 1802 yilda Trevitnik bug’mashinasi o’rnatilgan Avtomobil qurdi. 1830 yilda rus ustasi K. Yankevich bug’ Avtomobillariga temirdan yasalgan 100 dan ortiq gaz quvurli bug’ qozoni o’rnatishni taklif etdi. Akkumulyatordan tok olib ishlaydigan elektr dvigatelli Avtomobillar bilan ham ko’pgina tajribalar o’tkazildi. Ichki yonuv dvigateli ixtiro qilingandan keyin Avtomobillar muntazam rivojlantirila boshlandi. Avtomobillarga benzin va kerosin bilan ishlaydigan dvigatellar o’rnatish borasida turli mamlakatlarning ko’pgina ixtirochilari ish olib bordilar. 1885 — 86 yillarda Germaniyada Daymler benzin bilan ishlaydigan dvigatelni motosiklga, Bents esa uch g’ildirakli Avtomobilga o’rnatdi. Temir g’ildiraklar o’rniga yaxlit rezina shinalar, 1890 yildan esa pnevmatik rezina shinalar ishlatila boshladi. Avtomobilsozlik dastlab Frantsiyada, so’ngra AQSh, Germaniya va Yaponiyada rivojlandi. O’zbekiston mustaqillikka erishganidan so’ng avtomobil sanoati rivojlangan mamlakatlar qatoriga qo’shildi. Asaka shahri (Andijon viloyati) da Janubiy Koreyaning DEU korporasiyasi bilan hamkorlikda barpo etilgan “O’zDEU Avto” qo’shma korxonasida 1996 yildan boshlab “Neksiya”, “Damas” va “Tiko” yengil avtomobillari ishlab chiqara boshlandi. 1999 yilda Samarqandda ishga tushgan “SamKochavto” o’zbek-turk qo’shma korxonasi M23.9, M24.9, M29 rusumli avtobuslar va 35.9, 65.9, 80.12, 85.12, 85.14 rusumli har xil yuk avtomobillari ishlab chiqaradi. Avtomobil turlari. Avtomobilning transport, maxsus va poygaga muljallangan xillari bor. Transport Avtomobillari yengil Avtomobil, avtobus va yuk Avtomobillarga bo’linadi. Maxsus Avtomobil ma’lum ishlar uchun mo’ljallanadi va tegishli uskunalar bilan jihozlanadi. O’t o’chirish, un tashish, tsement gashish, sanitariya Avtomobillari, axlat tashiydigan, avtokranlar, avtoyuklagichlar va boshqalar maxsus Avtomobillar shular jumlasidan. Poyga Avtomobil sportda ishlatiladi. Yengil Avtomobil 2 dan 8 tagacha o’rinli bo’ladi. Ular berk kuzovli (sedan va limuzin), ochiq kuzovli (Faeton) va ochiladigan kuzovli (kabriolet) bo’lishi mumkin. Yuk Avtomobil 0,25 tonnadan 100 tonnagacha va undan ortiq yuklarni tashiydigan kuzovli, tirkamalar, yarim tirkamalarni tortish uchun muljallangan kuzovsiz bo’ladi. O’tuvchanligi bo’yicha tekis va qiyin yo’llarda yuradigan, harakatlanuvchi qismning tuzilishi bo’yicha g’ildirakli, g’ildirak-gusenisali, yarim gusenisali, pnevmatik g’altakli va boshqa xillarga bo’linadi. Avtomobil tuzilishi. Avtomobil dvigatel, transmissiya, yurish qismi, boshqarish mexanizmi, elektr jihozlar, kuzov yoki kabinadan iborat. Dvigatelning turiga qarab, bug’li Avtomobil (keng tarqalmadi), benzinli Avtomobil (yengil va yuk Avtomobil), dizelli Avtomobil (yuk Avtomobil, avtobuslar, yengil Avtomobil), gaz-ballonli avtomobil (yengil, yuk Avtomobil, avtobuslar), gaz generatorli avtomobil (og’ir yuk tashiydigan Avtomobil), akkumulyatorlar batareyasida ishlaydigan Avtomobil (elektromobillar) xillarga bo’linadi. Transmissiya (kuch uzatmasi) dvigatelning aylantiruvchi momentini Avtomobilning harakatlantiruvchi qismiga (g’ildiraklar, Gusenisalar va boshqalarga) uzatadi. Uning mexaniq elektr-mexanik gidromexanik xillari bor. Mexanik transmissiya eng keng tarqalgan. U, odatda, tishlashish muftasi, uzatmalar qutisi, kardanli uzatma, bosh uzatma, differentsialyaan tashkil topadi. Yurish qismi rama, osma, o’q (ko’priklar) va g’ildiraklardan iborat. Ramaga kuzov, kabina, dvigatel, uzatmalar qutisi va boshqa mexanizm va uzellar mahkamlanadi. Yengil Avtomobil va avtobuslarda kuzovi rama vazifasini bajaradi. Osma rama (Kuzov) bilan o’qlarni elastik bog’laydi va dinamik kuchlarni yumshatadi. G’ildiraklarning mustaqil osmasi keng tarqalgan. Boshqarish mexanizmlariga rul boshqarmasi va tormoz tizimlari kiradi. Rul boshqarmasi Avtomobilning harakat yo’nalishini o’zgartirish uchun xizmat qiladi. Rul chambaragi burilganda valni, val esa o’z navbatida rul mexanizmlarini, u esa tsapfalarga o’rnatilgan old g’ildiraklarni buradi. Avtomobilni boshqarishni yengillashtirish uchun rul yuritmasiga gidravlik, pnevmatik yoki gidropnevmatik kuchaytirgich o’rnatiladi. Tormoz tizimi Avtomobil harakatini sekinlashtirish, to’xtatish va bir joyda to’xtatib turish (qo’l tormoz yordamida) uchun xizmat qiladi. Ish tormozi barcha g’ildiraklarga ta’sir etadi. Har qaysi g’ildirakka gidravlik, pnevmatik yoki pnevmogidravlik yuritma bilan ta’sir etuvchi barabanli yoki diskli tormoz mexanizmi o’rnatiladi. Tormozlash vaqtida friktsion nakladkali tormoz kolodkalari g’ildiraklardagi tormoz barabanlari yoki disklarga qisiladi. Katta avtobuslar va og’ir yuk Avtomobillariga qo’shimcha sekinlashtiruvchi tormoz o’rnatiladi. Elektr jihozlar tok manbai (akkumulyatorlar batareyasi va dvigatelga o’rnatilgan generator) va iste’molchilaridan iborat; dvigatelni o’t oldirish va yurgizib yuborish tizimini ishlatish, tashqi va ichki yoritish, yorug’lik va tovush signallari uchun zarur bo’ladi. Avtomobil konstruktsiyalari borgan sari takomillashtirib borilmoqda. Avtomobil konstruktsiyasi ko’pgina omillar, masalan, yo’l va iqlim sharoitlari, yo’lovchilar soni hamda yuk hajmi va boshqalarni hisobga olib yaratiladi. Konstruktorlar Avtomobillarni loyihalashda ularning sigimi, puxtaligi, tejamliligi, bosh-qarish osonligi, shinamligi, o’tag’onligi va boshqa xususiyatlarini hisobga oladilar. Sarear Qodirov.