AVTOMOBIL SPORTI

AVTOMOBIL SPORTI, avtomobil poygasi — sport avtomobillari va seriyali avtomobillarda o’tkaziladigan poyga, sport turi. Birinchi avtomobil poygasi 1894 yil 18 noyabrda Frantsiyada Parij Ruan-Parij yo’nalishi bo’yicha 1200 km masofada o’tkazilgan. Qoidaga muvofiq tezlik cheklangan (soatiga 12,5 kilometr) edi. Poyga aylanma shosselar, to’g’ri shosselar, avtodrom, Ippodrom, Velodrom, stadionlarda o’tkaziladi. Belgilangan masofada rekord qo’yish uchun maxsus poygalar ham o’tkaziladi. Poygada qatnashadigan avtomobillarning xalqaro tasnifi (asosiy mezon — avtomobil rusumi va dvigatelning ish hajmi) va texnika talablari vaqt-vaqti bilan o’zgarib turadi. Chet elda xahon chempionligi uchun aylanma shosselarda o’tkaziladigan avtomobil poygalari va Yevropa chempionligi uchun o’tkaziladigan avtoralli asosiy musobaqalar hisoblanadi. Xalqaro avtomobil federatsiyasi (1904 yil) tashkil etilgan. Jahon birinchiligi 1925 yildan o’tkazib kelinadi. 1965 yil noyabrda amerikalik poygachi Kreg Bridlav reaktiv dvigatelli avtomobilda soatiga 966, 554 kilometr tezlikda yo’l bosib mutlaq rekord qo’ydi. Avtomobil sporti bo’yicha sobiq Ittifoq birinchiligida Riga shahrida O’zbekiston jamoasi 1978 yilda birinchi marta qatnashdi. O’zbekiston sportchilaridan Murodjon Qayumov eng yaxshi natija ko’rsatdi. 1996 yil O’zbekistonda birinchi marta Pskent shahri yaqinidagi “Ujniy” avtopoligonda tezlik rekordi o’rnatildi. V. E. Aleksandrov 100 km masofada o’rtacha 118 kilometr/soat tezlikka erishdi. 1997 yil shu joyda birinchi marta O’zbekiston chempionati o’tkazildi. O’zbekistonda Avtomobil sportining 264 ta sektsiyasi bo’lib, 22395 kishi sportning shu turi bilan shug’ullanadi. 116 947 kishi ommaviy sport razryadiga ega, 41 nafar sport ustaligiga nomzod, 10 nafar sport ustasi bor (1997). Karimjon Mahkamjonov.