AVTOMOBIL YO’LI
AVTOMOBIL YO’LI – avtomobil transporti qatnoviga mo’ljallangan muhandislik inshooti. Avtomobil yo’li ahamiyatiga qarab xalqaro, davlat (respublika) va mahalliy ahamiyatga ega bo’lgan yo’llarga bo’linadi. Xalqaro Avtomobil yo’liga mamlakatlarni, yirik sanoat markazlarini bog’lovchi va katta iqtisodiy ahamiyatga ega bo’lgan yo’llar kiradi. Davlat ahamiyatidagi yo’llarga yirik sanoat markazlari, muhim temir yo’l stantsiyalari, pristanlar va boshqalar bilan bog’lovchi yo’llar, mahalliy yo’llarga esa viloyat, qishloq, jamoa xo’jaliklari yo’llari kiradi. Avtomobil yo’li muhandislik inshooti sifatida quyidagi elementlardan tashkil topadi: yer poyi ko’tarmasi; yo’l to’shamasi; qatnov qismi; yo’l cheti; sun’iy va chiziqli inshootlar va boshqa jihozlar. Avtomobil yo’li tabiiy yoki tuproq ko’tarmasi, asos va qoplamalardan iborat. Asos (o’rta qatlam) qum, shag’al, tosh, shlak va shu kabi materiallardan qilinadi. Avtomobil yo’lining ahamiyatiga qarab, quyidagi qoplama xillari ishlatiladi: a) yer sirtiga qumoq tuproq, shag’al sochilgan past navli qoplamalar; b) qoramoy shimdirilgan shag’al yoki maydalangan tosh yotqizilgan qoplamalar; v) maydalangan tosh va shag’alga qoramoy aralashtirilgan yengil qoplamalar; g) asfalt-beton, tsement-beton singari kapital qoplamalar. Yo’llarning kengligi avtomobillarning ikki va undan ortiq qator bo’lib yurishiga imkon beradi. Bir qatorning kengligi 3 metrgacha olinadi. Chekka yo’llarning eni 2 — 2,5 metr bo’ladi. Harakat qulayligini ta’minlash maqsadida ba’zan yo’lning o’rtasi ma’lum kenglikda ko’kalamzorlashtiriladi. Avtomobil yo’li qurilishida sun’iy inshootlar (tonnellar, ko’priklar, tayanch devorlar, himoya yo’laklari) barpo etiladi. Avtomobil yo’lida suv o’tkazuvchi va drenaj qurilmalari bo’ladi. Harakat xavfsizligini ta’minlash uchun yo’l belgilari, ko’rsatkichlar, himoya vositalari va transport oqimini boshqarish qurilmalari o’rnatiladi. Shuningdek, Avtomobil yo’lida texnika xizmati ko’rsatuvchi stansiyalar, yonilg’i stansiyalari va boshqalar joylashadi. Jahon standartlari bo’yicha Avtomobil yo’llari mamlakat umumiy transport tarmog’idagi ahamiyati va hisobiy harakat jadalligiga ko’ra besh toifaga bo’linadi. Eng yuqori (I) toifadagi avtomobil yo’lida har ikkala yo’nalishda o’rtacha sutkalik harakat jadalligi 7000 dan ko’proq avtomobilga, hisobiy tezlik 150 km/soatga, eng past toifadagi yo’lda harakat jadalligi sutkasiga 100 ga yaqin avtomobilga va hisobiy tezlik 60 kilometr/soatga mo’ljallanadi. Xalq xo’jaligida avtomagistrallarning ahamiyati katta. Jahondagi Avtomobil yo’llarining umumiy uzunligi 20,8 million kilometr (qattiq qoplamalilari 14 million kilometrdan ortiq, 1990). Qattiq qoplamali Avtomobil yo’li uzunligi (ming kilometr) AQShda 6243 (1986), Buyuk Britaniyada 356, Frantsiyada 741, Germaniyada 496, Yaponiyada 782, Hindistonda 759 (1990). 20-asr boshida O’zbekistonda 27 ming kilometr yo’l bo’lib, asosan ot-arava, karvon va yo’lovchilarga mo’ljallangan, shundan faqat 2 ming kilometrga shag’al yotqizilgan edi. 1920 yilga qadar yo’l ishlari bilan muntazam shug’ullanadigan davlat tashkiloti bo’lmagan. 1922 yil noyabrda Turkiston mahalliy transport boshqarmasi, 1925 yil iyunda viloyat yo’l boshqarmalari tashkil etildi. Boshqarmalar viloyat yo’l qurilishi va ulardan foydalanishga oid masalalar bilan shug’ullangan. 1932 yildan yo’l qurilishida bitum va shag’al aralashmasi keng qo’llanildi. 1928 — 32 yillarda respublikada birinchi bo’lib uzunligi 62 kilometr bo’lgan qora qoplamali Buxoro — G’ijduvon — Qiziltepa yo’li, so’ngra Samarqand — Panjakent, Toshkent — Pskent — Murotali, Qo’qon — Sho’rsuv — Andijon — Kuyganyor va boshqa yo’llar qurildi. 1929 yilda Respublika XKS huzurida yo’llar va avtomobil transporti bosh boshqarmasi, 1930 yilda “O’zyo’lqurilishtrest” aktsiyadorlik jamiyati tashkil etildi. 1941 yilgacha uzunligi 708 kilometr bo’lgan katta O’zbekiston trakti, hashar yo’li bilan To’ytepa — Angren, Samarqand — Jizzax — Navoiy, Farg’ona — Gorchakova kabi qoplamasi yaxshilangan yo’llar qurildi. 1953 yil O’zbekiston avtomobil transporti vazirligi hamda O’zSSR MS huzuridagi yo’llar bosh boshqarmasi negizida O’zbekiston avtomobil transporti va tosh yo’llar vazirligi tashkil etildi. 1950 — 55 yillarda Zarafshon Avtomobil yo’li, 1957 yil Toshkent — Qo’qon (Qamchiq dovoni orqali) Avtomobil yo’li foydalanishga topshirildi (uzunligi 240 kilometr). 1957 yil respublika avtomobil yo’llari tarmoqlari ro’yxati o’tkazildi. 60-80-yillarda Toshkent — Chinoz, Toshkent avtomobil halqa yo’li, Samarqand halqa yo’lining 1 navbati, Nurota — Boymurot — Oqtov, Qo’qon aylanma yo’llari va boshqalar foydalanishga topshirildi. Yo’l qurilishida yangi mashina va mexanizmlarni qo’llash kengaydi, yo’l qurish industriyasining asfalt-beton ko’priklar qurish uchun yig’ma temir-beton konstruktsiyalar ishlab chiqaruvchi korxonalari ishga tushirildi. 80-yillarning 2-yarmidan xalq xo’jaligida yuklarning 90% dan ko’prog’i avtomobil transportida tashildi. Sobiq Ittifoq davridao’zbekistonda qurilgan Avtomobil yo’llari xalqaro andozalar talablariga to’liq javob bermagan. Respublika mustaqillikka erishganidan keyin O’zbekiston Respublikasining Prezidenti Islom Karimovning ichki va tashqi transport kommunikasiyasi, jumladan avtomobil yo’llarini zamonaviy asosda rivojlantirish kontsepsiyasiga binoan ko’shni davlatlar va Jahon okeaniga chiqishni ta’minlaydigai eng qisqa va ishonchli transport yo’llarini barpo etish, mavjud avtomobil yo’llarini xalqaro andozalarga moslashgan yo’llarni saqlash va ta’mirlash, yangi barpo etilayotgan sanoat markazlarini xalqaro magistrallar bilan bog’laydigan yo’llar qurilishi masalalariga e’tibor kuchaydi. 1992 yil 3 iyulda “Avtomobil yo’llari to’g’risida” O’zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. 1993 yil fevralda O’zbekiston avtomobil yo’llarini qurish va undan foydalanish davlat-aktsiyadorlik kontserni (“O’zavtoyo’l”) ish boshladi (1969 — 1993 yillarda vazirlik). Kontsern tarkibida Qoraqalpog’iston Respublikasi va viloyatlar avtomobil yo’llari boshqarmalari, 154 tuman avtomobil yo’llari boshqarmalari, 512 yo’llarni asrash va ulardan foydalanish bo’limlari, “O’zyo’lloyiha” yo’l va inshootlar qurish, qayta qurish va ta’mirlash loyiha-qidiruv instituti, ko’prik temir-beton qurilmalari zavodi va boshqa korxonalar bor. O’zbekiston Xitoy va Pokistonga chiqish imkoniyatini beruvchi Andijon — O’sh — Ergashtom — Kashqar avtomobil yo’lini ishga tushirishda qatnashmoqda (2000). Respublikaning o’zida Farg’ona vodiysi bilan Toshkent vohasini Qamchiq dovoni (tonnel) orqali bog’laydigan yirik Avtomobil yo’li hamda Qo’ng’irot — Beynov avtomagistrali qurilishi jadal olib borilmoqda, umumiy uzunligi 1250 kilometr dan ortiq bo’lgan Andijon—Toshkent Nukus Qo’ng’irot avtomagistrali qurilishi loyihalashtirilmoqda (2000). Respublika rivojlangan yo’l xo’jaligi va zamonaviy talablarga javob beradigan xalqaro, respublika, mahalliy ahamiyatga ega bo’lgan avtomobil yo’llariga ega. Mamlakatdagi avtomobil yo’llarining jami uzunligi 146,4 ming kilometrdan ortiq. Umumiy foydalaniladigan avtomobil yo’llarining uzunligi 43,4 ming kilometr, jumladan 3237 kilometr xalqaro, 18767 kilometr davlat (respublika), 21459 kilometr mahalliy (viloyat) ahamiyatiga ega bo’lgan yo’ldir. Shuningdek respublika idoralar (korxona, jamoa xo’jaliklari, xo’jalik tashkilotlari) ga qarashli yo’llar ham mavjud. O’zbekistonda umumiy foydalanuvdagi jami yo’llarning 95,6% iga qattiq qoplamalar yotqizilgan, jumladan tsement-beton qoplamali yo’llar 0,8% (336 kilometr), asfalt-beton qoplamali yo’llar 49,6% (21819 kilometr), qora shag’alli va qora qoplamali yo’llar 40,6% (17796 kilometr) ni tashkil etadi (1999). Respublikada 1864 kilometr Avtomobil yo’li 1-toifali yo’lga kiradi. Murodullo Abdullayev, Vohid A’zamov.