AVTOSALON

AVTOSALON— avtomobillar yangi modellari namoyish etiladigan va sotiladigan ko’rgazma (yoki uning bir bo’limi). O’zbekistonda Avtosalonlar asosan 1994 yildan boshlab ochila boshlagan. Avtosalonlarning asosiy qismi O’zbekiston avtomobilsozlik korxonalari uyushmasi (“O’zavtosanoat”) va maishiy xizmat tizimidagi “O’zavtotexxizmat” aktsiyadorlik jamiyatining viloyatlardagi hududiy bo’linmalariga qaraydi. 1999 yilda O’zbekistonda 77 Avtosalon ishladi. Toshkent shahrida 16 ishlab turibdi. Avtosalonlarda Asaka avtomobil zavodida ishlab chiqarilgan “Neksiya”, “Damas” va “Tiko” avtomobillari, shuningdek, “Fiat” (Italiya), “Shevrolet”, “Kadillak”, “Kraysler” (AQSh), “Kartal”, “Dagan”, “Iveko”, “Karson” (Turkiya) singari xorijda ishlab chiqarilgan yengil avtomobillar, avtobuslar, ularning ehtiyot qismlari va boshqalar ham namoyish qilinadi. Ayrim Avtosalonlarda sotuvga chiqarilgan avtomobillarni sotuv oldi ko’rigini o’tkazish, qismlarini sotishga buyurtma qabul qilish, servis va sotuv oldi xizmatlari yo’lga qo’yilgan. Baxtiyor Avazov.