AVTOTROFLAR

AVTOTROFLAR, avtotrof organizmlar (Yunoncha autos — o’zi, trophe — oziq, oziqlanish) — fotosintez, fotoreduktsiya va xemosintez jarayonlari tufayli noorganik moddalardan o’z hayoti uchun zarur organik moddalar tayyorlab olish qobiliyatiga ega organizmlar. Avtotroflarga deyarli hamma yuksak o’simliklar (parazit va saprofit o’simliklardan tashqari), barcha suvo’tlar va ayrim bakteriyalar kiradi. Fotosintetik o’simliklarning xlorofill pigmentini saqlash va yashil tusli bo’lishi ularga xos belgidir. Ular karbonat kislotalar, suv va mineral elementlardan organik moddalarni sintez qilishda Quyosh energiyasidan foydalanadi. Vodorod manbai sifatida uning turli xil birikmalari (vodorod sulfid, uglevodorodlar va boshqalar) dan foydalanadigan ayrim bakteriyalar (to’q qizil bakteriyalar, yashil oltingugurt bakteriyalar, to’q qizil oltingugurtmas bakteriyalar) fotosintez jarayoni— fotoreduktsiyada ishtirok etadi. Avtotrof bakteriyalar, ya’ni xemosintetiklar ayrim kimyoviy reaktsiyalarda yuzaga kelgan energiyadan foydalanib, mineral birikmalardan organik moddalar sintez qiladi (xemosintez). Bularga temir bakteriyalar kiradi; ayniqsa o’z hayot faoliyati bilan tuproq hosildorligi uchun katta ahamiyatga ega bo’lgan nitrifikasiya jarayonini ta’minlaydigan nitrifikasiyalovchi bakteriyalar muhim o’rinni egallaydi.