AYIMBETOV QALLI

AYIMBETOV QALLI (1908.20.3, Qoraqalpog’iston, Chimboy tumani — 1973.9.4, Nukus) — qoraqalpoq adabiyotshunosi. Qoraqalpog’istonda xizmat ko’rsatgan san’at (1957) va fan (1968) arbobi. Filol. fanlari doktori (1965), professor (1968). To’rtko’l pedagogika texnikumini (1929) va Olmaota pedagogika institutini (1933) tugatgan. 2-jahon urushi qatnashchisi (1941-47). Viloyat xalq maorifi bo’limi xodimi (1924-29), ilmiy tadqiqot institutida katta ilmiy xodim (1933-35), O’quvpeddavnashrda qoraqalpoqcha darsliklar tahririyati mudiri (Moskva, 1935-36), Qoraqalpog’iston maorif xalq komissari (1938), til va adabiyot instituti direktori (1938-40), til va adabiyot instituti direktorining o’rinbosari (1947-48), bo’lim boshlig’i (1951 — 53), pedagogika institutida kafedra mudiri (1950-51; 1953-55), O’zbekiston Fanlar Akademiyasi til va adabiyot institutida katta ilmiy xodim (1955-65). Ayni paytda 1956 yildan Nukus pedagogika instituti qoraqalpoq adabiyoti kafedrasi mudiri. Ayimbetov qoraqalpoq adabiyotini o’rganish, qoraqalpoq folklorini to’plash va ommalashtirish, nashr etish bilan shug’ullangan. U o’zi yozib olgan “Ediga” (1937), “Alpamis” (1937) dostonlarini, “Qoraqalpoq maqollari va matallari”ni (1956) nashr ettirgan. Ayimbetov 20-asrning 20-40-yillarida qoraqalpoq tili, adabiyoti va folklori bo’yicha bir qancha qo’llanmalar yaratgan, to’plamlar nashr ettirgan, Moler, K.Simonov, A.Ostrovskiy va b.ning dramalarini qoraqalpoq tiliga tarjima qilgan. As: Qoraqalpoq dramaturgiyasi tarixi ocherklari, T., 1963; Qoraqalpoq xalq shoir-baxshilari, T., 1965; Xalqdonoligi, T., 1968; Qoraqalpoqfolklori, T., 1977; O’tgan kunlarni eslab, T., 1972. To’ra Mirzaev.