AYYOR
AYYOR, ayyorlar (Arabcha — mug’ombir, daydi, yalangoyoq, maxfiy ish olib boruvchi) — 1) Iroq va Eron shaharlarida 9-11-asrlarda diniy va siyosiy tusdagi g’alayonlarda faol ishtirok etgan g’oziylarning bir tabaqasi. Masalan, safforiylar qo’shinining tarkibiy qismini al-mutatavvi’a (“ko’ngillilar”) tashkil qilgan, ularni kamsitib Ayyor deb (“muttahamlar” ma’nosi ham bor) atashgan. Ayyor tabaqasi yersiz va qochoq dehqonlar hisobiga safini to’latib borgan. Ayyor mamlakat siyosiy hayotida muhim rol o’ynaganlar. Jangda alohida jasorat, shijoat ko’rsatgan Ayyor yuqoriroq tabaqaga — sarhanglar qatoriga o’tkazilgan; 2) o’rta asrlarda o’zaro jang qiluvchi ikki mamlakatning biridan ikkinchisining orqa tomoniga, shuningdek dushman qo’shini orasiga maxfiy ravishda yuborilib, unda hiyla nayrang ishlatib qutqu solish, qo’shinning orasini buzish, eng kerakli kishilarni aldab yo’ldan urish yoki qo’lga tushirish kabi ishlar bilan shug’ullanuvchi shaxs. O’tmishda xon (bek)liklar o’rtasidagi o’zaro nizo-janjallarda Ayyorlar katta xizmat qilgan. Masalan, Mehtarbodi Yaldoyi Samarqandiy, Chor Zo’lobiy, Dog’uli, Xavoriq (“Abomuslim” dostonida), Kamak Kayyoniy (“Jamshid” dostonida), Yosuman (A. Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonida) va boshqalar; 3) Mug’ombir, “Tulki”, o’z foydasi uchun zimdan ish qiluvchi shaxs; 4) badiiy adabiyotda sho’x, Dilrabo, Nozli, sehrgar, o’ziga rom etuvchi yor (ma’shuqa).