BACHADON BO’YNI EROZIYASI

BACHADON BO’YNI EROZIYASI – bachadon bo’yni shilliq qavatining yuza shikastlanishi. Bachadon bo’yni eroziyasida ko’pincha jinsiy a’zolardati shishlanish kasalliklari (kolpit va boshqalar) sabab bo’ladi; bu kasalliklarda bachadondan ko’p chiqindi ajraladi, bundan tashqari, bachadon bo’ynidagi bezlar ham ko’p shilliq ajratadi, natijada shilliq qavat yuzasi bichilib, shilinadi. Bachadon bo’yni eroziyasi abort, tug’ruq vaqtida bachadon bo’yni shilliq qavatining zararlanishi, shuningdek gormonal jarayonlarning buzilishidan ham yuzaga kelishi mumkin. Shilliq qavatning zararlangan yuzasi (chin eroziya) tezda bachadon bo’yni kanalidan o’sib chiqqan tsilindrik epiteliy bilan qoplanadi — soxta eroziya vujudga keladi. Kasallik uzoq vaqtgacha (oylab, yillab) hech qanday belgisiz kechishi mumkin. Uni qancha barvaqt anikdansa, tez va oson davo qilinadi; kechiktirib yuborilsa, xavfli o’smaga aylanib ketishi mumkin Bachadon bo’yni eroziyasining oldini olish uchun jinsiy a’zolarning turli yallig’lanish kasalliklarini o’z vaqtida davolash, eng muhimi muntazam ravishda yiliga ikki marta tibbiy ko’rikdan o’tib turish lozim.