BADANGA SHIKAST YETKAZISH

BADANGA SHIKAST YETKAZISH – jabrlanuvchining badaniga qasddan yoki ehtiyotsizlik orqasida jismoniy zarar yetkazib, tanasining anatomik butunligini yoki a’zolaridan birining fiziologik funktsiyasini buzish. O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksida Badanga shikast yetkazishning og’irlik darajasiga qarab: qasddan badanga og’ir, o’rtacha og’ir, yengil shikast yetkazish, kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan badanga og’ir yoki o’rtacha og’ir shikast yetkazish, zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqib, qasddan badanga og’ir shikast yetkazish, ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlashning zarur choralari chegarasidan chetga chiqib, badanga qasddan shikast yetkazish (104-109-moddalar) bo’yicha alohida javobgarlik ko’zda tutilgan. Sodir etilayotgan paytda hayot uchun xavfli bo’lgan qasddan badanga og’ir shikast yetkazish natijasida ko’rish, so’zlash, eshitish qobiliyatini yo’qotish yoxud biron a’zoning ishdan chiqishi yoki uning faoliyati tamoman yo’qolishiga, ruhiy kasalga chalinishga yoki umuman sog’lig’i buzilib, umumiy mehnat qobiliyatining 33% dan kam bo’lmagan qismining doimiy yo’qolishiga yoxud badanning tuzalmaydigan darajada xunuklashishiga sabab bo’lgan shikast yetkazish qasddan badanga og’ir shikast yetkazish sanaladi va aybdor 5 yildan 8 yilgacha muddatga; Badanga shikast yetkazish o’ta shafqatsizlik bilan; ommaviy tartibsizliklar jarayonida; ta’magirlik niyatida; bezorilik oqibatida; millatlararo yoki irqiy adovat zamirida; diniy taassublar zamirida; kishi a’zolarini kesib olib, boshqa kishiga ko’chirish (transplantat) maqsadida; bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan bo’lsa, 8 yildan 10 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.