BADEN MAKTABI
BADEN MAKTABI — 19 asr oxiri va 20 asr boshidagi neokantchilik yo’nalishi. Asosiy namoyandalari — V. Vindelband va G. Rikkert Baden yeri (Germaniya) dagi Freyburg va Xeydelberg universitetlarida dars bergan. Baden maktabi vakillari insoniyat madaniyati ma’naviy qadriyatlar zamiriga qurilgan, degan g’oyani olg’a surdi. Tabiatshunoslik fanlarining uslubiyotini tarix fanlari uslubiyotiga qarama-qarshi qo’ydi. Tabiatshunoslikni tabiat hodisalarining takrorlanuvchi va umumiy qonuniyatlari haqidagi, tarixni taraqqiyotning alohida faktlari to’g’risidagi fan deb hisobladi. Baden maktabi vakillari fanlarni predmetlariga qarab emas, balki tadqiq qilish uslubiyotiga qarab tasnif etgan, tarixning ob’yektiv qonuniyatlari mavjudligini rad qilgan.