BADIIY SANOAT

BADIIY SANOAT – maishiy muhitni bezash uchun xizmat qiladigan amaliy bezak san’ati buyumlari (kiyim, mato, gilam, mebel, badiiy shisha, chinni, zargarlik buyumlari va hokazolar) ni sanoat usulida tayyorlash. Keng iste’mol buyumlari ishlab chiqaradigan sanoatning bir qismi bo’lgan Badiiy sanoat mahsulotlari nafis shakli, bezaklarining yechimi bilan asl amaliy bezak san’ati asariga aylanadi. Badiiy sanoat mahsulotlarining har bir turida shu mahsulotning asl nusxasi (birinchi namunasi) ni tayyorlagan rassom, naqqosh, dizaynerning mahorati muhim ahamiyatga ega. Ilk namunani yaratgan muallifning shaxsan o’zi va boshqa bir guruh rassom, muhandis, texnologlar, ijrochi ishchilar jamoasi nazorati ostida shu namuna — nusxa asosida mahsulot (mashinalar vositasida) ommaviy va turkumlarda chiqariladi. Badiiy sanoat korxonalarining ko’pchiligida badiiy buyumlar tayyorlash (sopol, chinni, metal buyumlarga gul, naqsh ishlash, tasvir chizish, bo’rtma naqshlar hosil qilish, badiiy ishlov berish, kashta tikish va boshqalar) da qo’l mehnatining hissasi katta. Biroq Badiiy sanoat korxonalari xalq badiiy hunarmandligi korxonalaridan asosan mashinalarda ishlashi bilan ajralib turadi. Badiiy sanoat badiiy hunarmandlikdan ajralib sanoatning bir tarmog’iga aylanishi shaharlarning paydo bo’lishi, hunarmandlik, Artel va birlashmalar (qurolsozlar, to’qimachilar, zargarlar va boshqalar) ning tadrijiy rivoji bilan bog’liq holda kechdi. Bu o’z navbatida amaliy bezak buyumlarining yangi turlarini paydo bo’lishiga olib keldi, ularni tayyorlash usullarining o’zi ham o’zgardi. Yevropada boshqa sohalarga qaraganda badiiy mato ishlab chiqarish, shisha va kulollik buyumlari tayyorlash jadal rivojlandi, chinni ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. Rossiyada chinni va toshtaroshlik buyumlari va boshqalar tayyorlash jadal rivojlandi. Sharq mamlakatlarida to 19 — 20-asrlargacha badiiy ishlab chiqarish uzoq vaqt hunarmandlik darajasida qoldi. 18 — 19-asrlarda sanoatda tub burilish ro’y berdi, badiiy buyumlar (ipak va parcha mato) ishlab chiqarish bilan bir qatorda sanoatda ipgazlama tayyorlash va chitga gul bosish yo’lga qo’yildi. Bu davrda badiiy buyumlar sifati keskin pasayib ketdi. Badiiy sanoat mahsulotlari arzonligi bilan badiiy hunarmandlik mahsulotlarini siqib chiqara boshladi, dastlab qo’l mehnati asosida tayyorlangan buyum shakllari uslubiy yechimi bilan ajralib turadigan yomon ko’rinishlarda takrorlandi. 19-asr oxiri — 20-asrda badiiy kuchni sanoatga keng jalb etish kuchaydi, bu esa badiiy loyihalash (dizayn) ning dastlabki shakllarini yuzaga keltirdi, Badiiy sanoat rivojiga zamin yaratdi. 20-asr o’rtalaridan texnika taraqqiyoti yana amaliy bezak san’ati bilan dizaynning raqobatlashuvini kuchaytirdi. 60-yillardan Badiiy sanoat buyumlari g’oyaviy mazmuni, rang-barang shakli va bezak mutanosibligi bilan ahamiyatga ega bo’ldi. Qadimgi hunarlar usulini zamonaviy mashinalar vositasida tayyorlash an’anasi kuchaydi. Badiiy madaniyatning muhim sohalaridan bo’lgan zamonaviy Badiiy sanoatning bosh vazifasi san’atni maishiy hayotga tatbiq etishdan iborat. Ommaviy ahamiyatga ega bo’lgan ro’zg’or buyumlarining yangi shakllari ustida izlanishlar jadal olib borilmoqda. Xom ashyoning o’ziga xos estetik xususiyatlari va tayyorlash jarayoni xususiyatlari kulollik, badiiy shisha, metall va to’qimachilik buyumlari turlari va hokazolarda namoyon bo’ladi. O’zbekistonda Badiiy sanoat 20-asr 20-yillarida dastlab badiiy mahsulotlar ishlab chiqaradigan artellar tarzida vujudga keldi, bu artellar 40 — 50-yillar mobaynida yiriklashtirildi, zavod, fabrika, kombinatlar birlashmalarga aylantirildi. Respublikaning qadimgi kulolchilik markazlarida badiiy kulolchilik korxonalari (Rishton, G’ijduvon, Xiva va boshqalar) vujudga keldi, zardo’zlik qadimdan rivojlangan joylar (masalan, Buxoro) da zardo’zlik korxonalari tashkil topdi. 70 — 80-yillarda Badiiy sanoat amaliy san’atning badiiy buyumlar tayyorlaydigan asosiy yo’nalishlaridan biriga aylandi. 90-yillardan O’zbekiston Respublikasining ba’zi viloyatlarida xalq badiiy hunarmandchilik Respublika sanoat birlashmalari tashkil topdi. Hozir viloyatlar hokimliklariga va Toshkent shahri hokimligiga bo’ysunuvchi mahalliy sanoat kompaniyalari ixtiyorida badiiy buyumlar ishlab chiqaradigan korxonalar tizimi mavjud: “Sharq guli” badiiy hunarmandchilik birlashmasi, Toshkent chinni zavodi, Toshkent zargarlik zavodi, Chust milliy pichoq zavodi, “Atlas” firmasi, Buxoro zardo’zlik fabrikasi va boshqalar.