BAFOYEV MUSTAFO
BAFOYEV MUSTAFO (1946.10.11, Kogon tumani Ganchkash qishlogi) — kompozitor va dirijyor. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1995). Toshkent davlat konservatoriyasining g’ijjak ijrochiligi (1969) hamda kompozitsiya (1977) ixtisosliklari bo’yicha tugatgan. Buxoro musiqa bilim yurti, Buxoro davlat pedagogika institutida o’qituvchi (1969— 79). 1979 yildan O’zbekiston teleradiokompaniyasi qoshidagi D. Zokirov nomidagi o’zbek xalq cholg’ulari orkestri dirijyori (1986 yildan bosh dirijyor va badiiy rahbari). Bafoyev ijodiga janrlar xilmaxilligi, mavzu (programma)li hamda vokal musiqaga moyilligi, badiiy unumdorlik xos. Uning musiqa uslubi ohangdorligi, milliy an’analarga hamda zamonaviy yo’nalishlarga ijodiy yondashganligi bilan ajralib turadi. Bafoyev 5 ta simfoniya, simfonik poema, uvertyura va boshqa asarlar, 3 ta kontsert, 3 ta opera (“Umar Xayyom”, “Buxoroi Sharif” teleopera-doston, “Al-Farg’oniy”), 4 ta balet (“Nodira”, “Ulug’bek burji” telebaletlar, “Moziydan nur” oratoriya balet, “Buyuk ipak yo’li”), 7 ta musiqali drama, ko’pgina vokalsim-fonik asarlar, 100 dan ortiq qo’shiq va romans, bayram tomoshalariga, qator teatr va radiospektakllarga musiqa yozgan. Abdulla Qodiriy nomidagi O’zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati (1997).