BAHORISTON TUMANI
BAHORISTON TUMANI – Qashqadaryo viloyatidagi tuman. 1979 yil 10 aprelda tashkil etilgan. Viloyatning Janubi-g’arbida joylashgan. Muborak, Kasbi, Usmon Yusupov tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 1,93 ming kilometr kvadrat. Axoliey 30 mingdan ortiq kishi (2000). Bahoriston tumanida 3 qishloq fuqarolari yig’ini (Pomuq, Chamanzor, Chandir) bor. Markazi — Pomuq qishlog’i. Tabiati. Bahoriston tumani Qarshi cho’li zonasida joylashgan. Yer usti tekislik, qir va adirlardan iborat. Mutlaq balandligi 400 — 500 metr. Yozi uzoq va issiq. Iyulning o’rtacha temperaturasi 28 — 29,5°, yanvarniki tekisliklarda -0,2° dan 1,9° gacha. Yiliga 190 — 200 millimetr yog’in tushadi. Aholisi, asosan o’zbeklar; rus, tatar, arman, gruzin, ukrain va boshqalar ham yashaydi. 1 kilometrga o’rtacha 16 kishi to’g’ri keladi. Xo’jaligi. Bahoriston tumanida 8 kichik korxona mahsulotlar tayyorlash, ta’mirlash, savdo-sotiq va ishlab chiqarish bilan shug’ullanadi. Bahoriston tumanida sug’oriladigan yerlar 26,1 ming gektar, ekinzorlar 21,6 ming gektar, shu jumladan 10,6 ming gektar yerga paxta, 0,3 ming gektar yerga sabzavot, 1,4 ming gektar yerga beda, 0,2 ming gektar yerga makkajo’xori, 9,0 ming gektar yerga g’alla ekinlari ekiladi. Bahoriston tumanida 7 jamoa shirkat xo’jaligi, 43 fermer xo’jaligi bor. Shuningdek chorvachilik ham rivojlangan. “O’zbekiston” Qorako’l-naslchilik xo’jaligi (40 mingdan ortiq qo’y-qo’zi) mavjud. Tuman jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida 13,9 ming qoramol, 129,5 ming qo’y va echki, 16,5 ming parranda, 96 tuya bor (2000). 1999/2000 o’quv yilida 14 umumiy ta’lim maktabi, 1 biznes maktabi, 1 sport maktabi va 1 akademik litseyda 8 mingga yaqin o’quvchi ta’lim oldi. 31 ommaviy kutubxona, 4 klub, 4 kinoteatr bor; 2 kasalxona, 5 feldsher-akusherlik punkti, 3 konsultativ diagnostika ambulatoriyasida 40 vrach, 200 o’rta ma’lumotli tibbiy xodim ishlaydi. Keyingi yillarda 600 o’rinli tennis korti binosi, 5000 o’rinli stadion, nuroniylar choyxonasi, “supermarket” savdo do’koni, 422 o’rinli maktab binosi, 150 o’rinli dehqon bozori va boshqalar qurildi. 1980 yildan “Bahoriston haqiqati” tuman gazetasi chiqadi.