BAL’AMIY ABU ALI MUHAMMAD IBN MUHAMMAD
BAL’AMIY ABU ALI MUHAMMAD IBN MUHAMMAD (? — 974, Buxoro) — tarixchi olim, davlat arbobi. Somoniylardan Abdulmalik ibn Nuh (954— 961) va Mansur ibn Nuh (961 -976) zamonida bosh vazir bo’lgan. U 963 yil Tabariy (839 — 923) ning “ta’rix ulanbiyo var-Rasul val-muluk val-Xulafo” (“Payg’ambarlar, podshohlar va xalifalar tarixi”) nomli yirik asarini fors tilida qaytadan yozgan. U Sharqda 9-asrgacha bo’lgan siyosiy voqealarni o’zida aks ettirgan, O’rta Osiyoda yangi fors tilida bitilgan birinchi asar bo’lib Tabariyning Arab tilida yozilgan va Leydenda (1879 — 89) nashr etilgan yuqoridagi asariga qaraganda aniq ma’lumotlarga boy va ayrim hollarda mufassalroqdir. Aftidan, Bal’amiy Tabariy asarining avvalgi to’laroq nusxalaridan foydalangan. Bal’amiyning bu asari chet tillarga tarjima qilingan.