BALAND MASJID

BALAND MASJID — Buxoro shahridagi guzar masjidi (16-asr). Bino murabba tarhli (pishiq g’ishtdan qurilgan), qalin devorli. Masjid xarsang toshlar ustiga qurilgan. Baland masjidning shim. va Sharqiy tomonlari naqshin shiftli ayvon bilan o’ralgan. Ichki devorlarining pastiga chiroyli izoralar qoplangan. Sharq tomondagi to’q yashil rangli izoralarga 6 burchakli ko’k sopol koshinlar terilgan. G’ishtchalar atrofiga nozik o’simliksimon shakllar chizilib, ustidan oltin suvi yuritilgan (bular yaxshi saqlangan). Devorning g’arbiy tomonidagi izoralar koshin bilan qoplangan va kundal usulidagi naqshlar bilan hoshiyalangan. Baland masjid derazalaridagi panjaralar sopol g’ishtchalardan terilgan. Mehrobining atrofi sirkor sopolchalar b-n bezatilgan va ularga oltin suvi yuritilgan. Uning yon tomonlari va tepasiga to’g’ri burchakli sopolchalardan suls xati bilan yozuvlar bitilgan. Yozuvlar tepasiga, shiftga yaqinroq joyga muqarnaslar ishlangan, ularga xam oltin suvi yuritilgan. Devorlardagi (Janubiy devordan tashqari) rasmlar hali xam avvalgidek yaltirab turibdi. Baland masjidning shifti toqili, hovuzakli bo’lib, naqshlar bilan bezatilgan. Uni qurishda mumtoz davr me’morligining noyob va nafis usulidan keng foydalanilgan. Keyingi davrlardagi me’morlar Baland masjidning bezaklaridan namuna ko’chirganlar. Baland masjid bezaklarining zarlari to’kilib, naqshlari ko’chib, qorayib qolgan. Baland masjid bir necha bor ta’mirlangan.