BALOG’ATGA YETISH
BALOG’ATGA YETISH, balog’at, rasida (rasta) bo’lish, bo’yiga yetish — organizmning bir qancha anatomik va fiziologik o’zgarishlar natijasida biologik jihatdan sekin-asta voyaga yetishi hamda jinsiy jihatdan yetilib, ko’payishga, ya’ni naslni davom ettirishga layoqatli bo’lib qolishi. Qizlar o’g’il bolalarga nisbatan ertaroq balog’atga etadi. Qizlarda bu davr aksari 12 — 14 yoshdan 16 — 18 yoshgacha, o’g’il bolalarda 13 — 15 yoshdan 16 — 20 yoshgacha davom etadi. Balog’atga yetish muddati o’smirning irsiy xususiyatlariga, sog’lig’iga, ovqatiga, shuningdek hayot tarzi (maishiy, ijtimoiy-iqtisodiy) va iqlim sharoitlariga bog’liq. Turli noxush omillar: og’ir kasalliklar, yolchib ovqatlanmaslik va boshqa odatda jismoniy va ruhiy rivojlanishning kechikishiga sabab bo’ladi. Nimjon, kasalmand bolalar sog’lom bolalarga nisbatan kechroq balog’atga etadi. Kech yoki erta Balog’atga yetish jinsiy bezlar, buyrak usti bezlari va gipofiz funktsiyasining buzilishiga aloqador bo’lishi mumkin. Balog’atga yetish davrida jinsiy instinkt ancha tez shakllanadi. Qizlar hayz ko’radi, bolalarda ixtilom (pollyutsiya) kuzatiladi, shuningdek organizmda chuqur o’zgarishlar ro’y beradi: o’smirning bo’yi cho’zilib, ikkilamchi jinsiy belgilari paydo bo’ladi; o’g’il bolalarda soqol mo’ylov ko’rinib, ovozi do’rillab qoladi, qizlarning badani yumaloq tortib, birinchi galda soni va dumbasida yog’to’planib boradi, sut bezlari kattalashib, chanoq suyaklari eniga kengayadi. Qonda jinsiy gormonlar ko’payib, bir jins ikkinchi jinsga ko’proq e’tibor bera boshlaydi. Balog’atga yetish davrida o’smirning psixikasi ham o’zgarib, nerv tizimining faoliyatida bir qator o’zgarishlar ro’y beradi. Gormonlar, avvalo jinsiy bezlar (moyak, tuxumdon) gormonlari Balog’atga yetishda muhim ahamiyatga ega. Balog’atga yetishda jismoniy rivojlanishning e’tiborli xususiyatlaridan biri tana qismlari nisbati, ya’ni proportsiyasining vaqtincha buzilishidir. Qo’l-oyoqlar tanaga nisbatan ko’proq o’sadi, shu sababdan harakatlari qo’polroq, kelishmagan bo’lib qoladi. O’g’il bolalarda muskul kuchi zo’r berib ortib boradi, muskullar massasi kattalashadi. Rastalik davrida o’smirlar organizmining rivojlanib borishida bo’ladigan xususiyatlar haqida otaonalar va pedagoglar o’smirlarga to’g’ri ma’lumot berishlari kerak, bu esa ba’zi yigit-qizlarning behuda qo’rqishi va asabiylashishining oldini oladi. Balog’atga yetish davrida o’smirning jismoniy jihatdan to’g’ri rivojlanishi ham katta ahamiyatga ega. Buning uchun bekamu ko’st ovqatlanish, shuningdek sport va jismoniy mashqlar bilan shug’ullanib turishga alohida e’tibor berish zarur.