BALUJLAR
BALUJLAR (o’zlarini Baluch, Baloch deyishadi) — Pokiston (4 million kishi) va Eron (1,4 million kishi, 1992) dagi xalq. Shuningdek Afg’oniston, Turkmaniston (28,3 ming kishi, 1989) va Arab mamlakatlarida ham yashaydi. Umumiy soni 5,7 million kishi (1992). Baluj tilida so’zlashadi. Balujlar Islom dinining sunniy mazhabiga e’tiqod qilishadi. Balujlar ko’chmanchi chorvachilik va dehqonchilik bilan shug’ullanadi. Arab geograflarining ma’lumotlariga ko’ra Balujlar Kermon va uning Sharqiy qismida, Seyistonda yashagan va ko’chmanchi chorvadorlik bilan shug’ullangan. Balujlar bu yerlarga arablar istilosidan taxminan 300 yil avval kelib joylashgan. Ingliz olimi M. Longuors Deymsning tadqiqotlariga ko’ra Balujlarning vatani shimoliy Eron bo’lib, eftaliylarning shimoliy Eronga qilgan hujumi (6-asr) natijasida Balujlar Kermonga ko’chishgan. Keyingi asrlarda yaylov yerlarining tanqisligi ularni astasekin sharqqa siljishga majbur etgan. 11-14-asrlar davomida Balujlar yashagan hudud hozirgi Balujiston joylashgan yerlargacha kengayadi. 19-asrning oxiri — 20-asr boshlarida Afgoniston va Eron Seyistonida yashovchi Balujlarning bir qismi Turkmaniston Respublikasi Mari va Chorjo’y viloyatiga ko’chib kelib joylashadilar. Balujlar ayrim guruhlari Farg’ona vodiysi va Qashqadaryoning quyi oqimlarida joylashgan Buguch qishlog’ida ham yashaganlar.