BALXI TUT
BALXI TUT (Mogassas) — tutdoshlar (tutsimonlar oilasi) ga mansub daraxt. Vatani hozirgi Afg’oniston (Balx shahri nomidan). G’arbiy va Janubiy Osiyoda ko’p. Balxi tut xalq selektsiyasi yo’li bilan chiqarilgan. O’zbekistonda asosan mevasi uchun yetishtiriladi. Bargidan ipak qurti boqishda ham foydalaniladi. Bargining to’yimlilik darajasi (ayniqsa, 4 — 5 yoshlik qurt uchun) juda yaxshi. Shox-shabbasi tarvaqaylab o’sadi, balandligi va shox-shabbasining kengligi 18 — 20 metr. Mevasi to’pmeva, oq, shirin, urug’siz. Bargi seret, silliq, to’q yashil, kattaligi o’rtacha (bo’yi 18 santimetr, eni 17 santimetr), yozda dag’allashadi. Har tupidan 12 — 30 kilogramm barg olinadi. Mevasi yangiligida va quritilgan holda iste’mol qilinadi, undan tutmayiz, tut holvasi, shinni ham tayyorlanadi. Balxi tut sovuqqa chidamli, payvand qilish yo’li bilan ko’paytiriladi.