BAMBUK

BAMBUK (Malayya tilidan bambu) — 1) g’arov (Bambusa) — boshoqdoshlar oilasiga mansub o’simliklar turkumi, 200 dan ortiq turi ma’lum, aksariyati ko’p yillik, faqat ayrimlari bir yillik o’simlik. Poyasining diametri 30 santimetrgacha, bo’yi 40 metrgacha boradi. Ba’zi turlari har yili, boshqalari bir necha yilda bir marta gullaydi. Bambuk yer yuzining deyarli barcha nam iqlimli tropik hududlarida o’sadi. Saxalin va Kuril orollaridagi igna bargli va yaproqli o’rmonlarning soya joylarida Bambukning 6 turi uchraydi. Bambuk xalq xo’jaligida uy, ko’prik qurish, duradgorlikda ishlatiladi, tolasidan — qog’oz tayyorlanadi. Ayrim turlarining shirasidan qand olinadi. Keyingi vaqtlarda qora dengizning Kavkaz va Qrim sohillarida ham ekila boshlandi; 2) tsirkda ishlatiladigan gimnastika asbobi. Tsirk gumbaziga osib qo’yiladigan langar cho’p (ilgari bambukdan qilinar edi, hozir yengil metalldan yasaladi); 3) gimnastikachilar ko’rsatadigan mashqning nomi. Uni 1 — 3 ijrochi bajaradi.