BANGI
BANGI — Markaziy Afrika Reslublikasi poytaxti, mamlakatning eng yirik shahri. Ubangi daryosidagi port. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Aholisi 600 ming kishi (1995). Bangi frantsuz mustamlakachilarining harbiy istehkomi (1894) bo’lgan. Bangi dastlab Ubangi-shari hududining ma’muriy markazi (1958 — 60 yillarda Muxtor Markaziy Afrika Respublikasining poytaxti). Mamlakatning asosiy savdo va sanoat markazi, to’qimachilik, oziq-ovqat, metallsozlik, taxta tilish sanoati korxonalari mavjud; avtomobil yo’llari tuguni. San’at va hunarmandchilik milliy markazi. Shahar markazida zamonaviy binolar qurilgan, chekkalarida esa mahalliy kulbalar saqlangan. Geofizika stansiyasi, kinoteatrlar, universitet va muzeylar bor. Bangiga 1889 yilda asos solingan.