BANGILIK
BANGILIK — 1) tor ma’noda — giyohvandlikning bir turi; nashani tamakiga aralashtirib chekish, shuningdek iste’mol qilish. Nasha kishini mast, kayfini chog’qiladi, vujudini bo’shashtiradi, uni muntazam iste’mol qilganda o’tkir yoki surunkali zaharlanish alomatlari kuzatiladi. O’tkir zaharlanganda kishi jazavaga tushib, besabab kuladi, ba’zan yig’laydi. Surunkalisida bangining xulqi o’zgarib, fe’l-atvori aynaydi, jahldor bo’lib qoladi, vas-vasaga tushadi, aqliy qobiliyati susayadi. Bangi narkotik moddadan mahrum bo’lsa, xumor (abstinent) sindrom deb ataluvchi kasallik holati ro’y beradi. Bangilikda ichki a’zolar zararlanadi, asabiy — ruhiy o’zgarishlar paydo bo’ladi, insoniy fazilatlar barham topadi. Bangilikni davolash uchun ularga nasha bermay, ma’lum muddat (3 — 7 kun) ajratib qo’yiladi, shu vaqt ichida xumorlik o’tib ketadi. Keyin organizmni mustahkamlash choralari (doridarmon bilan) ko’riladi, ruhiy va mehnat bilan davolash buyuriladi. Aholi o’rtasida Bangilikning zararini tushuntirish uning oldini olihda muhim ahamiyatga ega; 2) keng ma’noda — giyohvandlik, ya’ni kayf beruvchi moddalarni uzoq iste’mol qilish, ularga ruju qilish, hirs qo’yish.