BANKROTLIK
BANKROTLIK, (italyancha — singan kursi), sinish — fuqaro, korxona, firma yoki bankning mablag’i yetishmasligidan o’z majburiyatlari bo’yicha qarzlarni to’lashga qurbi yetmasligi; qarzdorning majburiyatlari mol-mulkidan oshib ketganligi sababli tovar (ishlar, xizmatlar) ga haq to’lash yuzasidan kreditorlarning talablarini qondirishga qodir emasligi, shuningdek byudjetga va boshqa fondlarga majburiy to’lovlarni ta’minlashga qodir emasligi tushuniladi. Bankrotlik, odatda, korxonaning yopilishiga olib keladi. Chunki qarz (kredit) beruvchining talabini qondirish uchun mol-mulkini sotishdan o’zga chorasi qolmaydi. Bankrotlikga uchrashning sabablari tovar ishlab chiqarishda qiymati qonunning amal qilishi, raqobat va inflyatsiya bilan belgilanadi. Iqtisodiy inqirozlar davrida kasodga uchragan korxonalarning soni keskin oshib ketadi, uning oqibatida ishsizlik kuchayadi. Sobiq Ittifoq xalq xo’jaligida Bankrotlik tushunchasi NEPdan keyin iste’moldan chiqib ketgan edi, 1987 yildan e’tiboran korxonaning to’lov qobiliyati yo’qligi tushunchasi amaliyotga kiritildi. Bankrotlik amalda korxonaning byudjet, bank va mol yetkazib beruvchilar oldida o’z majburiyatlarini bajarishga ojizligini bildiradi. Bankrot deb e’lon qilingan korxonalarga nisbatan qator sanasiya tadbirlari o’tkaziladi, unga har tomonlama yordam ko’rsatiladi (soliqlardan ozod etiladi, qarzlarni to’lash kechiktiriladi). Bozor iqtisodiyoti sharoitida Bankrotlikga uchragan korxonalar boshqa korxonalarga sotiladi yoki qo’shib yuboriladi, korxona jamoa a’zolariga ijaraga beriladi va boshqalar. Korxonalar sudlar, xo’jalik sudlari qarori bilan bankrot deb e’lon qilinadi. O’zbekiston Respublikasida kreditorlarning da’volarini qondirish maqsadida xo’jalik yuritish sub’ektlari bo’lmish yuridik va jismoniy shaxslarni bankrot bo’lgan deb e’tirof etish shartlari va tartibi O’zbekiston Respublikasining 1994 yil 5 mayda qabul qilingan “Bankrotlik to’g’risida” Qonunida belgilab berilgan (bu qonun o’z faoliyatini davlat byudjeti mablag’lari hisobidan amalga oshiradigan korxona, tashkilotlarga nisbatan tadbiq etilmaydi). Vladimir Shevsov, Abdurahim Ortiqov.