BANOKATIY
BANOKATIY (to’liq ismi: Abu Sulaymon ibn Dovud ibn Abulfazl Muhammad ibn Dovud Banokatiy) (14- asr) — banokatlik tarixchi olim va shoir. Dastlab elxoniylardan G’ozonxon va Sulton Abu Sa’id saroyida xizmat qilgan. Uning “Ravzat ul-albob Fi tavorix il-Akobir valansob” (“Akobirlar va Asillar tarixi xususida oqillar bog’chasi”) tarixiy asari bizgacha etib kelgan. Asarda dunyoning “yaratilishi”dan to Elxon Abu Sa’id zamoni (1317 — 1335) gacha Eron, Hindiston, Movarounnahr, Xitoy va Yevropada bo’lib o’tgan voqealar qisqacha hikoya qilingan. Davlatshoh Samarqandiyning so’zlariga qaraganda, Banokatiy “shoirlikda ham oliy martabaga ega edi va qasidalar hamda pishiq qit’alar aytgan…”.