BARCHINLIG’KEND
BARCHINLIG’KEND, Barchkend, Barchin — Sirdaryo bo’yida joylashgan o’rta asr qal’a-shaharlaridan biri (12 — 14-asrlar); Jand viloyatiga kirgan. Oltin O’rda davrida Barchinlig’kendda zarb qilingan mis tangalarda “Barchin” yozuvi uchraydi. 13- asr 2-yarmida Barchinlig’kendga tarixchi Jamol Qarshiy kelib, uni o’z asarida Barchkend deb qayd etgan. Bu davrda Barchinlig’kendda turkmanlar yashaganlar, shahar atrofida qo’rg’onlar va qum barxanlari yastanib yotgan, shaharda ilm-fan, ma’naviy hayot taraqqiy etgan. Jamol Qarshiy Barchinlig’kendda Arab, fors, turkiycha she’rlar bitgan mahalliy olimning ma’ruzasini tinglaganini yozadi. 15- asrdan so’ng Barchinlig’kend atamasi manbalarda tilga olinmaydi.