BARMAKIYLAR
BARMAKIYLAR — mashhur Vazirlar xonadoni; balxlik tabib va kohin Barmak avlodlari bo’lib, ulardan ayrimlari o’z qobiliyat va bilimi tufayli abbosiylar saroyida yuqori lavozimlarga erishgan. Chunonchi, Barmakning to’ng’ich o’g’li Xolid birinchi Abbosiy xalifa Abul Abbos Abdulloh hukmronligi davri (750 — 754) da vaziri A’zam, ikkinchi xalifa Abu Ja’far Mansur davri (754 — 775) da esa moliya vaziri, so’ng Mosul hokimi bo’lgan, ayni vaqtda Bag’dod shahri qurilishiga boshchilik qilgan. Uning o’g’li Yahyo o’sha davrda Ozarbayjon va Armanistonda xalifa Abu Ja’far Mansurning noibi edi. Xalifa Maxdiy davri (775 — 785) da esa u devon boshlig’i va Horun arrashidning murabbiysi bo’lgan. Horun ar-Rashid xalifa bo’lgach (786), uni vazir etib tayinlagan. Lekin, Yahyo tez orada davlat ishlaridan voz kechib, uning o’rnini navbatma-navbat o’g’illari Fazl va Ja’far eg’allagan. Ular ayni vaqtda Horun ar-Rashid farzandlarining murabbiysi hamda Misr va Xurosonda abbosiylar noibi bo’lganlar. Yahyoning qolgan o’g’illari ham boy-badavlat yashab, yuqori davlat lavozimlarida ishlaganlar. Barmakiylardan xalifaga eng suyukligi — Ja’far edi. Horun ar-Rashid uni kun bo’yi, hatto iloji bo’lsa, kechalari ham o’z suhbatidan ketkazgisi kelmas edi. Ammo, Ja’far Horun ar-Rashidning ishonchu hurmatini suiiste’mol qilib, uning singlisini yashirincha o’z nikohiga olgach, qatl etilgan va shu voqea sababli Barmakiylar tamomila qirib tashlangan.