BAROMETR
BAROMETR (Yunoncha baros — og’irlik – metr) — atmosfera bosimini o’lchashda ishlatiladigan asbob. Turli xillari bor: 1) simobli Barometr; gidrostatik qonunlariga asoslanib yasalgan; 2) metall Barometr yoki aneroid; qattiq jismning elastikligiga asoslanib yasalgan; 3) gipsotermometr yoki termobarometr; suyuqlik qaynash temperaturasining tashqi ATM bosimiga bog’liqligiga asoslanib yasalgan; 4) gaz Barometr; gazlarning elastiklik xossasiga asoslanib yasalgan; 5) normal Barometr; meteorologik stansiya tarmoqlaridagi Barometrlar uchun etalon vazifasini 6ajaradi. Meteorologik stansiya tarmoqchalarda eng ko’p tarqalgan simobli Barometr uzunligi 1 metrga yaqin keladigan bir uchi berk shisha naydan iborat. Nayga simob to’ldirilib, simobli metall kosaga to’ntarilsa, shisha naydagi simob ustuni tashqi atmosfera bosimi bilan muvozanatlashguncha naydagi simobning ma’lum qismi metall kosaga to’kiladi. Shisha naydagi simob ustida bo’shliq (Torichelli bo’shlig’i) hosil bo’ladi. Simobli Barometr ba’zan metall kosasiz, faqat shisha naydan yasaladi. Bunday Barometr uzun va qisqa tirsakdan iborat bo’lib, sifonli Barometr deyiladi. Uzun tirsagining uchi berk, qisqa tirsagining uchi ochiq va kengroq bo’ladi. Atmosfera bosimi kamayganda kengroq joyga simob oqib tushadi. Sifonli Barometrlarda atmosfera bosim ochiq va berk naylardagi simob ustunlari farqiga qarab topiladi. Atmosfera bosimi o’zgarishlarini uzluksiz qayd qilib boradigan asbob barograf deyiladi.