BARTER
BARTER (inglizcha barter — tovar ayirboshlash), muo’vaza — valyutasiz (pul vositalari ishtirokisiz) bevosita tovar ayirboshlash; muayyan tovar (tovarlar) miqdorining qiymati bo’yicha muqobil bo’lgan boshqa tovar miqdoriga almashtirish shartnomasi. Ko’proq rivojlanmagan tovar munosabatlari, o’tish davri uchun xos bo’lgan kelishuv. 2-jahon urushidan keyingi davrdagi erkin konvertirlanadigan (almashtiriladigan) valyuta kursi barqaror bo’lmagan, valyuta zaxiralari chegaralangan sharoitda jahonning ko’pgina mamlakatlarida qo’llanildi va u xalqaro savdo hamda boshqa iqtisodiy munosabatlarda keng tarqaldi. Barterning bevosita ayirboshlash, kompensasiyali kelishuvlar, kliring kabi shakllari mavjud. Tashqi savdoda Barter bitimi ko’proq qo’llanadi. 90-yillar boshidan mamlakat ichkarisida ham korxonalar o’rtasida ancha keng tarqaldi. Barter bitimiga binoan kelishgan tomonlar o’z tovarlarini ma’lum narxda baholaydilar. Bu narx ayirboshlashning teng bo’lishini, tovarlarni yetkazib berish bilan bog’liq bo’lgan barcha sarf-xarajatlarni o’z ichiga oladi. Bir tomon ikkinchisiga qarzdor bo’lib qolsa, u o’z qarzini valyuta bilan emas, balki tovarlar bilan uzadi. Tovar qiymatlarining tengligi jahon bozori narxlari orqali ta’minlanadi. Barter bitimlari ikki tomonlama yoki ko’p tomonlama bo’lishi mumkin.