BARTOLD VASILIY VLADIMIROVICH

BARTOLD VASILIY VLADIMIROVICH [1869.3(15).11 -Peterburg – 1930.19.8] — sharqshunos. Rossiya Fanlar Akademiyasining akademigi (1913). Peterburg universiteti Sharq tillari fakultetini tamomlagan (1891). Bartold O’rta Osiyoga birinchi marta 1893 yilda kelgan. Keyinchalik bir necha bor Toshkentda bo’lgan. Toshkentdagi Turkiston arxeologiya havaskorlari to’garagi tashkilotchilaridan biri. U Fanlar Akademiyasi sharqshunoslar kollegiyasining doimiy raisi, Turkiston xalq untining faxriy a’zosi (1918), turkshunoslik qo’mitasining rahbari (1928-30). Moddiy madaniyat tarixi Davlat akademiyasi raisi o’rinbosari, “Eron” ilmiy jurnalining muharriri. Bartold Yaqin, O’rta Sharq, ayniqsa O’rta Osiyo va Arab xalifaligi, Islom tarixi, turkiy xalqlar tarixi, Filologiya va etnografiyasi, Afg’onistan, Eron, Zakavkaze va qisman Xitoy tarixiga ona asarlar yozgan. Nashr qilingan 685 asaridan 320 tasi O’rta Osiyo tarixiga bag’ishlangan. Bartold Sho’ro Sharqidagi xalqlarniig alifbosini arabchadan lotinchaga o’tkazishda faol qatnashdi. Uning ko’pgina asarlari o’zbek, tatar, qirg’iz, turk, fors, Arab, ingliz, nemis va frantsuz tillarida nashr qilingan. “Islom entsiklopediyasi”da 246 maqolasi bilan qatnashgan. Bartold O’rta Osiyo xalqlari tarixi, etnografiyasi va psixologiyasini chuqur o’rgangan olim bo’lsada, Turkiston xalqi madaniyatini ob’yektiv va haqqoniy baholay olmadi, ma’lum darajada uni kamsitdi. Bu uning “Ulug’bek va uning davri” asarida aniq seziladi. Chunki Bartold chor Rossiyasi mustamlakachiligining ideologi edi, u yevropaliklarning osiyoliklardan ustunligi g’oyasini olg’a surdi va shu ustunlikni ilmiy va mafkuraviy jihatdan asoslashga xizmat qildi. As: Sochineniya, t. 1-9, M., 1963 – 1977. Ashraf Ahmedov.