BASHADAR QO’RG’ONLARI

BASHADAR QO’RG’ONLARI – tog’li Oltoy o’lkasining yaylov va cho’llarida yashagan (miloddan avvalgi 1 ming yillikning 2-yarmi) chorvador skif qabilalarining qabristoni. Bashadar qo’rg’onlari Oltoyning Qorako’l daryo vohasida joylashgai kulada qishlog’i yaqinidagi Bashadar degan joydan topilgan. 1950 yilda prof. S. I. Rudenko tekshirgan, 60 dan ortiq qo’rg’on borligi aniqlangan. Ulardan 2 tasi ochilgan. Qo’rg’onlar doira shaklida. Balandligi 1,5 — 2 metr, diametri 40 — 60 metrga yetadi. Bashadar qo’rg’onlarida yog’och xarilar to’shalgan, tomiga 50 — 60 santimetr qalinlikda daraxt po’stlog’i to’shamasi va 1 metr qalinlikda shox-shabba yopilgan maxsus xona topildi. Xonaning shipi qora namat bilan qoplangai. Bu xonaga mo’miyolangan murda solingan tobut qo’yilgan. Murda va u bilan birga ko’milgan buyumlar yaxshi saqlangan. Bashadar qo’rg’onlari urug’ yoki qabila oqsoqollarining mozorlari bo’lib, ularda suyak va jezdan ishlangan yoy o’qi, zeb-ziynat buyumlari, kiyimkechak qoldiqlari, mo’miyolangan murda va bosh suyaklari yorilgan 10 otning skeleti topildi. Ularning egar va yuganlari oltin qoplama naqshlar bilan bezatilgan. Shuningdek, ikkita yog’och tobutda erkak va ayol murdasi va 14 ot skeleti ham topildi. Ikkala tobut va ularning qopqoqlari hayvon suratlari bilan bezatilgan. Erkak tobutiga qator ketayotgan 4 yo’lbars va burama shoxli bug’u surati solingan. Ayol tobuti qopqog’iga ham 4 yo’lbars, pastrog’iga esa 2 bug’u, 3 arxar va 2 to’ng’iz surati chizilgan. Tobut devoridagi yo’lbars suratlari ustiga gul solingan hoshiyali namat yopilgan. Murdalarning kamari va qindagi shamshiri ham saqlangan. Biroq mozor bir vaqtlar talangani uchun undagi qimmatbaho buyumlar, otlarning egar, yuganlaridagi oltin va kumush taqinchoqlar yo’qolgan. Bashadar qo’rg’onlarida topilgan bu san’at buyumlari Sibirning uzoq o’tmish madaniyatidan, Tog’li Oltoy aholisining qadimdan Yaqin Sharq va Old Osiyo bilan iqtasodiy va madaniy aloqada bo’lganidan dalolat beradi.