BASKETBOL
BASKETBOL (inglizcha basket — savat, ball — to’p) — sport turi, 3,05 metr balanddagi savatli halqaga to’pni qo’lda tashlab o’ynaladigan jamoa o’yini. Basketbol mashg’uloti va musobaqalari uchun to’rtburchak maydoncha (o’lchami 26×14 metr) yoki zal (balandligi 7 metr) talab qilinadi. Har bir jamoada 12 nafardan o’yinchi bo’lib, maydonga bir yo’la har jamoadan 5 tadan o’yinchi tushiriladi (bu o’yinchilar almashtirilishi mumkin). Qaysi jamoa raqibining savatiga ko’p to’p tushirsa, o’sha yutgan hisoblanadi. Uyinda savatga tushirilgan to’p uchun 2 ochko, jarima belgilanganda tushirilgan to’p uchun 1 ochko, jarimadan tashqaridagisi uchun 3 ochko beriladi. Erkaklar 40 minut, ayollar 36 minut, 15 — 16 yashar o’smirlar va qizlar 30 minut, 13 — 14 yashar o’g’il va qiz bolalar 24 minut o’ynashadi. O’yin 2 qismdan iborat, orada 10 minut dam olinadi. Belgilangan vaqtda jamoalar baravar ochko olsa, biror jamoa g’olib chiqquncha 5 minutdan qo’shimcha vaqt beriladi. Basketbol vatani AQShdir (1891). Xalqaro basketbol federatsiyasi (FIBA; 1932 yil tuzilgan) ga 177 mamlakat a’zo (1991). Basketbol 1936 yildan Olimpiya o’yinlari dasturiga kiritilgan. 1950 yildan Basketbol bo’yicha jahon chempionati o’tkazib kelinadi. Basketbol O’zbekistonda 1921 yildan o’ynala boshlagan. O’zbekistonlik R. Salimova 2 marta jahon hamda Olimpiya o’yinlari chempioni bo’lgan. Basketbol bo’yicha O’zbekiston respublika federatsiyasi oliy liga jamoalari o’rtasida musobaqalar tashkil etib kelmoqda. Oliy ligada Samarqand, Buxoro, Toshkent viloyati, Chirchiq shahri hamda Sirdaryo va Navoiy viloyati basketbolchilari musobaqalashadi. O’zbekiston terma jamoasi 1997 yil II Markaziy Osiyo o’yinlari — “Sprayt chellenje” xalqaro turnirining g’olibi bo’ldi (terma jamoa bosh ustozi A. Adisman, jamoa a’zolari z. Xabibulin, M. Shafenkov, R. Karimov, S. Demurin, B. Mirodilov, T. Abbosov, V. Petrishchev).