BAXMAL TUMANI

BAXMAL TUMANI – Jizzax viyaoyatidagi tuman. 1943 yil 8 mayda tashkil etilgan (1957 yil 12 oktabrda G’allaorol tumani bilan birlashtirilgan edi, 1971 yil 31 avgustda qayta tuzildi). Baxmal tumani G’allaorol, Jizzax, Zomin tumanlari, Samarqand viloyati va Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh. Maydoni 1,86 ming kilometr kvadrat. Aholisi 91,8 ming kishi (2000). Baxmal tumanida 1 shaharcha (Usmat) va 10 qishloq fuqarolari yig’ini (Barlos, Baxmal, Bog’ishamol, Gulbuloq, Mug’ol, Oyqor, Oqgosh, Sangzor, Tongotar, Uzunbuloq) bor. Markazi — Usmat shaharchasi. Tabiati. Tuman hududi, asosan, tog’ oldi tekisliklari va tog’lardan iborat. Baxmal tumanining Janub qismida Turkiston tizmasi va uning shimol-g’arbiy tarmog’i — Molguzar tog’lari joylashgan (eng baland joyi 2621 metr). Molguzar tog’lari bilan Turkiston tizmasi oralig’ida Sangzor vodiysi bor. Iqlimi keskin kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -5° dan -9 gradusgacha, iyulniki 25°, tog’li qismida 15°. Yiliga o’rtacha 300 — 750 millimetr yog’in tushadi. Tuman hududida Sa’d Vaqqos ota bulog’i bor. Tuproqlari asosan to’q tusli bo’z tuproqlar va tog’ jigarrang tuproqlar, tog’ va baland tog’ dasht tuproqlari, sharqida tipik bo’z tuproqlar tarqalgan. Efemer va efemeroid, kserofit o’simliklari o’sadi. Butazor, archazor, yong’oqzorlar uchraydi. Bodom, yovvoyi olma, olcha, dulana bor. Baxmal tumanining tog’oldi zonalarida yirtqichlardai, bo’rsiq, tulki, bo’ri, sudralib yuruvchilardan ko’lbor ilon, kaltakssaklar, qushlardan kaklik, g’urrak va boshqa uchraydi. Baxmal tumanida Zomin tog’-o’rmon davlat qo’riqxonasi tashkil etilgan. Aholisi asosan, o’zbeklar (92,4%); shuningdek rus, qozoq, tojik, qirg’iz va boshqa millat vakillari ham yashaydi. 1 kilometr kvadratga o’rtacha 10 kishidan 25 kishigacha to’g’ri keladi. Xo’jaligi. Baxmal tumanida marmar koni, arak-vino va asfalt zavodlari, bosmaxona, paloe va gilam to’qish tsexlari, qurilish tashkilotlari bor. Tumanda bo’rdokichilik fermalari, mexanizatsiyalashgan o’rmon xo’jaligi mavjud. Asosan g’allachilik va chorvachilik rivojlangan. Qishloq xo’jaligida sug’oriladigan yerlar 6,6 ming gektar, shu jumladan 0,4 ming gektar yerga sabzavot, 2 ming gektar yerga beda, 200 gektar yerga makkajo’xori ekiladi. Bog’, tokzor, tutzor, o’rmonlar bor. Baxmal tumanida 2 jamoa xo’jaligi, 1 davlat xo’jaligi, kooperativ xo’jaliklar, 330 gektar yakin fermer xo’jaligi va boshqa 12 xo’jalik bor. Tuman jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida 65,7 ming qoramol, 122,2 ming qo’y va echki, 62,1 ming parranda bor (1999). Avtomobil yo’llari uzunligi 460 kilometr. 1999/2000 o’quv yilida 63 umumiy ta’lim maktabi bo’lib, 2376.1 o’quvchi, 1 litseyda 500 o’quvchi ta’lim oldi. 45 maktabgacha tarbiya muassasalarida 3000 ga yaqin bola tarbiyalanadi. 15 klub, madaniyat uyi, “Baxmal” ashula va rake havaskorlik ansambli, “Qaynarbuloq” qo’g’irchoq teatri, “Baxmal xandasi” miniatyura havaskorlik teatri, 415 o’rinli kasalxona, 41 tibbiy punkt, 15 ambulatoriya bo’lib, ularda 158 vrach, 736 o’rta ma’lumotli tibbiy xodim ishlaydi. “Baxmal hayoti” tuman gazetasi chiqadi (adadi 1500).