BAYON SULDUZ

BAYON SULDUZ (? – 1361) – Chig’atoy ulusi beklaridan, asli Sulduz urug’idan. Amir Qazag’on o’ldirilgach (1358), Movarounnahr taxtiga o’tirgan uning o’g’li Abdulloni jangda yengib, hokimiyatdan chetlatgan va mamlakatni Amir Hoji Barlos bilan birga boshqargan. Biroq Bayon Sulduz maishatparast bo’lganligi sababli davlatni boshqarishning uddasidan chiqolmagan. Bundan foydalangan Mug’uliston (Jeta) xoni Tug’luq Temur Movarounnahrga ikki karra — 1360, 1361 yillari bostirib kelgan va Bayon Sulduzni qatl qildirgan.