BAYT

BAYT (Arabcha — uy) — ikki misra she’r. 1) Sharq xalqlari she’riyati g’azal, qasida, masnaviy va boshqa janrlari Baytdan tuziladi. Tarji’band va tarkibbandlarda bandlarni bir-biriga bog’lovchi Bayt vosita Bayt deyiladi. Masalan, Navoiyning “G’aroyib ussig’ar” devonida

“Ketur soqiy, ul mayki, subg’i alast,

Aning nash’asidin ko’ngul erdi mast”

deb boshlangan tarji’bandi (10 band, 200 misra) ning har biri

“Xarobot aro kirdim oshifta hol,

May istarga ilgimda sinsin safol” Bayti bilan tugallangan. Badiiy ijodda bir Baytli mustaqil she’rlar ham bor; 2) bezak va naqsh mujassamotlaridan biri. Bezak san’ati, xususan amaliy san’at (miskarlik, kulollik, rixtagarlik va boshaqalar) da keng qo’llaniladi. Ro’zg’or buyumlari (kosa, choynak, piyola, lagan, oftoba va hokazo) va me’moriy obidalar bezaklariga o’tmishda ko’pincha she’riy misralardan husnixat (kufiy, suls, nasx, nasta’liq, rayhoniy) bilan Bayt bitilgan. Bayt buyumga o’ziga xos nafosat, badiiylik baxsh etadi.