BAZIDIOMISETLAR
BAZIDIOMISETLAR, bazidiyali zamburug’lar (Basidiomycetes) — yuksak zamburug’lar sinfi, jinsiy jarayonda maxsus jinsiy ko’payish organlari — bazidiyalar hosil qilish xususiyatiga ega. Miseliydagi mevali tanasi (kattaligi bir necha millimetrdan 1,5 metrgacha) har xil shaklda. Miseliy to’siqlarining o’ziga xos murakkab tuzilishi va miseliyida yarim halqasimon harakatlar bo’lishi bilan boshqa zamburug’lardan farq qiladi. Hujayralarning bo’linishi tufayli yarim halqadan hosil bo’ladigan hujayralarga qizlik yadrolar o’tadi. Ko’pchilik Bazidiomisetlar geteratallik xususiyatiga ega. Ularga 3 kenja sinf va 18 tartib, shu jumladan afilloforlar (ko’pchilik iste’mol qilinadigan va zaharli zamburug’lar), gasteromisetlar, qorakuya, zang zamburug’lari va boshqalar kiradi. 30 mingdan ortiq turi ma’lum. Juda keng tarqalgan. Ko’pchilik turlari (qo’ziqorin, shampinon, oq zamburug’ va boshqalar) iste’mol qilinadi, ba’zilari (muxomor, oq poganka) zaharli. Ko’pgina Bazidiomisetlar saprotrof va o’simliklarning fakultativ parazitlari hisoblanadi. Bazidiomisetlar o’simlik qoldiqlarini parchalashda ishtirok etadi, o’simliklarda kasallik keltirib chiqaradi. Bir qancha turlari daraxtlar b-n mikoriza hosil qiladi. Ayrim turlari antibiotiklar ishlab chiqaradi. Daraxt tanasida uchraydigan po’kak zamburug’i daraxtni chiritadi.