BAZM
BAZM — to’y munosabati bilan katta uy yoki keng hovli sahnida o’tkaziladigan tomosha, katta mehmondorchilik, ziyofat, kecha. Bazmlar odatda sozandaxonanda, nog’orachi, surnaychi-karnaychilar, raqqos va raqqosalar, askiyabozlar ishtirokida o’tkaziladi. Bazm juda qadim zamonlardan rasm bo’lgan. Bazm mazmuni, ishtirokchilari va Bazmdagi cholg’u asboblariga qarab bir qancha turlarga bo’linadi. Nog’ora, doira, o’yinchilar ishtirokida o’tkaziladigan to’y Bazmi “nog’ora Bazm”deyiladi. Kelinning dugonalari, tengqurlari yig’ini “Qizlar Bazmi” (ba’zi joylarda “Qizlar Majlisi”) deyiladi. O’zbek va tojiklarda Bazmning maxsus taklifsiz, hamma qatnashadigan turi “doira xabar qiladigan Bazm” ham bor (odamlar doira ovozini eshitib, o’zlari kelaveradilar). Ishtirokchilari ko’p, ziyofati to’kin “Bazmi Jamshid” (shoh Jamshidning dabdabali Bazmlariga nisbatan), yaqin kishilar o’rtasida yoki kuy va ashula ishqibozlari uchun musiqachilar uyushtiradigan Bazm “Bazm xosagi” deyiladi. O’tmishda xon va amirlar saroyida o’tkaziladigan Bazmlar san’at asarlarini xalq orasida keng yoyishga xizmat qilgan.