BESHIK TO’YI

BESHIK TO’YI — yaqin va O’rta Sharq, O’rta Osiyo xalqlari, jumladan o’zbeklar oilasida to’ng’ich farzand tug’ilishi sharafiga o’tkaziladigan tantanali marosim. Bu udum O’zbekiston viloyatlarida o’ziga xos xususiyatlari bilan bir-biridan farq qiladi. Beshik chaqaloqning ona qarindoshlari—bobosi, buvisi, tog’a va xolalari tomonidan qilingan. Beshik udumi bilanbog’liq chaqaloqqa kerakli barcha buyumlar tayyorlangan. Dasturxonga non, patir va anvoi shirinliklar tugilgan, shuningdek unga yana o’yinchoqlar (qiz bo’lsa qo’g’irchoq) qo’shilgan. Ko’p yerlarda (xususan Toshkentda) chaqaloqqa atab (agar o’g’il bo’lsa) toy ham yasatilgan. Chaqaloqning ota-onasi, bobosi va buvisiga sarpo ham qo’yilgan. Bezatilgan beshik, sovg’alar arava (mashina)ga yuklab, karnay-surnay va childirmachilar jo’rligida olib borilgan. Mehmonlar kutib olinganda, niyatlari oq bo’lishi, bolaga baxt tilash ramzi sifatida ularning yuzlariga un surib qabul qilingan. Shu vaqtning o’zida boshqa xonada doya buvi boshchiligida barcha irim-sirimlar ijro etilib, chaqaloqni beshikka belash marosimi (odatda, bolani beshikka ko’p bolali ayol belagan) o’tkazilgan. Marosim oxirida yaqin qarindoshlar chaqaloq huzuriga, yuz ko’rarga kirib sovg’a berib, beshik ustiga shirinlik sochib baxt tilab chiqib ketadilar.