BIBIXONIM MADRASASI

BIBIXONIM MADRASASI – Amir Temurning katta xotini Bibixonim (Saroymulk xonim) “O’z onasi sharafi”ga (Klavixo) 14-asr oxirida Samarqandda qurdirgan madrasa. Sayyoh, olim A. Vamberi ta’kidlashicha, bu madrasada 1000 ga yaqin talaba o’qigan. Bibixonim madrasasi Bibixonim jome masjidining kirish peshtog’i qarshisida joylashgan. Lekin jome masjididan oldin qurilgan. Saroy tarixchisi G’iyosiddin Alining “Amir Temur 1399 yil 10 mayda madrasada to’xtab o’tganligi” haqidagi ma’lumoti shundan dalolat beradi. Tarixnavis Fasih Havofiy (1375— 1442) ta’kidlashicha, Amir Temur jome masjidi qurilishini kelib ko’rarkan, me’moriy majmuada mutanosiblik buzilganligi—madrasa peshtog’i va ayvoni jome masjidga nisbatan balandroq va qiyaroq bo’lib qolganligi uchun darg’azab bo’ladi va me’morlar (Xoja Mahmud Dovud va Muhammad Jald)ni jazoladi. Arxeologik qazishlar ham shu nomutanosiblikni tasdiqlaydi. Bino peshtog’i qanchalik mahobatli bo’lmasin, uning qarshisidagi binoga monand emasligi ko’zga tashlanib qolgan. Me’moriy uslub talabiga ko’ra, nomaqbul tushgan madrasa peshtog’i buzib tashlashga mahkum bo’ldi. Shuning uchun ham keyingi asrlarda madrasa qoldiqlari buzib tashlandi. Bibixonim madrasasi yonida unga “qo’sh” uslubda Tuman ogo xonaqohi qurilgan. Tarixiy manbalar bu xonaqoh ham 1399 yildan oldin bunyod etilganligi haqida ma’lumot beradi. Chortoqli keng xonaqoh, tepasi baland gumbaz bilan bog’langan. Devorlariga manzara naqshin gullar, serhasham bezaklar ishlangan. 4 tarafidagi keng derazalar—tobadonlar va eshiklar orqali xonaqoh juda yaxshi yoritilgan. Ostidagi tagxona—Sardoba esa kichikroq bo’lib, devorlari yirik kulrang toshtaxtalar bilan bezatilgan. Tagxonada bir necha tosh tobutlar saqlangan. 1875 yil zilzilasi natijasida tagxona gumbazchasi o’pirilib, pastda toshtobutlar borligi ma’lum bo’ldi. Shu vaqgdan boshlab aholi orasida bu tobutlardan biri Bibixonimga tegishli degan ovoza tarkaldi. 1941 yilda o’tkazilgan arxeologik tadqiqotlar go’yo bu rivoyatni tasdiklagandek bo’ldi. Shu sababli yaqingacha ushbu xonaqoh Bibixonim maqbarasi deb yuritilgan. Keyingi tadqiqotlar bu muammoga aniklik kiritdi. Bibixonim (Saroymulk xonim) Amir Temur vafotidan keyingi bo’hron yillarida zaharlab o’ldirilgan. Bu binodagi ayol jasadi esa mo’miyolangan (demak, uzoq joydan keltirilgan) va antropolog aniqlashicha, o’rta yoshlardagi, sochlari qora va jingalak qandaydir boshqa ayol ekan. Tuman og’o xonaqohi Amir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati bilan 1996 yilda ta’mir etilgan. Ad.: Zohidov P., Temur davrining me’moriy qahkashoni. T., 1996. Po’lat Zohidov.