BIBLIOGRAFIYASHUNOSLIK
BIBLIOGRAFIYASHUNOSLIK — bibliografiya nazariyasi, tarixi, metodi va uni tashkil etish masalalarini o’rganadigan va ishlab chiqadigan fan sohasi. Bibliografiyashunoslik termini dastlab 18-asrda G’arbiy Yevropada paydo bo’lgan, 20- asr o’rtalariga qadar turlicha talqin etilgan, 20-asr 70-yillaridan aniq ilmiy izohga ega bo’ldi. Bibliografiyashunoslikning 4 tarkibiy bo’limi mavjud: nazariyasi, tarixi, metodi, tashkiliy bo’limi. Bibliografiyashunoslik nazariyasi bibliografiya moxiyati va ijtimoiy ahamiyatini belgilaydi, metodlarini takomillashtiradi, uning tasnifi va atamalarini ishlab chiqadi. Bibliografiyashunoslik tarixi bibliografiyaning tadrijiy rivojini yaxlit holda va uning alohida turlari va sohalarini, bibliograflar faoliyati va hokazolarni o’rganadi. Bibliografiyashunoslik metodi bibliografik ishda qo’llaniladigan kridalarni ishlab chiqadi, eng yangi metod va texnika vositalarini bibliografik qo’llanmalar tuzish va bibliografiya xizmati ko’rsatishga tatbiq etadi. Bibliografiyashunoslikning tashkiliy bo’limi vazifasi mamlakatda bibliografiya xizmati tizimini yaratish, rejalashni takomillashtirish, muvofikqlashtirish, bibliograf mehnatini ilmiy tashkil etishdan iborat. O’zbekistonda Bibliografiyashunoslik masalalari dastlab 20-30-yillarda E. K. Betger asarlarida o’z ifodasini topdi. Keyinchalik Bibliografiyashunoslikning umumiy masalalari, tarkibiy bo’limlari M. M. Turopov, Sh.M. Shamsiyev, N.P.Lyapustina, H.Mamatraimova va boshqalarning ilmiy ishlarida nazariy jihatdan o’z aksini topdi. Hamraxon Mamatraimova.