BILBAO

BILBAO (Bilbao) — Ispaniya shimolidagi shahar. Basklar mamlakatida, Biskay provintsiyasining ma’muriy markazi. Nervon daryosi bo’yidagi yirik port va temir yo’l tuguni, xalqaro aeroport bor. Aholisi 369 ming kishi (1991), shahar atrofi bilan birga 950 mingdan ortiq. Mamlakatdagi qora metallurgiya sanoatining muhim markazlaridan. Bilbao atrofida temir rudasiga boy konlar ko’p. Mashinasozlik (kemasozlik), elektrotexnika, kimyo (azot o’g’itlari, plastmassa), oyna va to’qimachilik sanoatlari rivojlangan. Bilbao orqali chetga temir rudasi, cho’yan, vino, konserva, mashina va uskunalar chiqariladi; chetdan toshko’mir, neft mahsulotlari, yog’och keltiriladi. Bilbaoga 1300 yilda asos solingan. Yangi shahar 19-asr oxiri va 20-asr boshlarida qurilgan. Universitet, oliy texnika maktabi, san’at muzeyi bor. Me’moriy yodgorliklardan 14-asr gotika sobori, 1890 yilda qurilgan ratusha saqlangan.