BILLUR SAROY
BILLUR SAROY (Grystal Palace) Londondagi inshoot. Muhandislik san’atining noyob namunasi. Gaydparkda Butunjahon ko’rgazmasi ochilishi munosabati bilan yagona nusxada qurilgan. Saroy 4 oy (26.9.1850 12.1.1851 )da Jozef Pekston (olim, bog’bon) loyihasi asosida uch nefpi bazilika uslubida yig’ma temir bo’laklari va shishadan hashamatli qilib bunyod etilgan. Uning asosiy nefi 563 metr, eni 124 metr, Markaziy nefining balandligi 19,5 metrni tashkil qilgan. Bino oldindan tayyorlangan bo’laklar — temir ustunlar (3300 dona), shu ustunlarni o’zaro biriktirib turgan temir fermalar va oynavand temir romlardan yig’ib barpo qilingan. Bo’ylama modul sifatida 7,3 metr o’lcham qabul qilingan. Inshoot tarxda andozaviy (standart) kataklarga bo’lingan. Katak asosini 122×25 santimetr o’lchamli andozalashtirilgan shisha plitalar tashkil qiladi. Bu plitalar temir romlar ichiga olingan bo’lib, pavilon sinchlarining orasiga shu romlar terib chiqilgan. Faqat inshootning usti yig’ma yog’och ravoqlar bilan yopilgan. Pavilon binosi yangi texnikaviy uslubda yaratilganligi bilan hammani hayratga solgan va qurilish texnikasining istiqboli timsoli bo’lib qolgan. U o’z salobati va billuriy taassurota tufayli Billur saroy nomini olgan. Ko’rgazma tugagach, Billur saroy Saydenxemga olib kelinib, qayta o’rnatilgan. 1936 yil yong’in natijasida vayron bo’lgan.