BILOR

BILOR, Bilyar — o’rta asr shaharlaridan (10 — 13-asrlar), 12 — 13- asr boshlarida Volgakama Bulg’oriyasinnit poytaxti. Tatariston Respublikasidagi Bilyarsk qishlog’i yaqinida xarobalari saqlangan. Rus yilnomalarida Buyuk shahar deb qayd qilingan. 1236 yil Bilorni mo’g’ullar vayron qilgandan so’ng o’zini avvalgi iqtisodiy ahamiyatini yo’qotgan. Bilor xarobalaridan g’ishtin binolar, qabriston, mahalliy hunarmandlar yasagan turli buyumlar, shuningdek Eron, Movarounnahr, Old Osiyo, Xitoy, Vizantiya, Kavkaz va Rusda ishlangan ko’plab buyumlar topilgan. 1967 yildan muntazam arxeologik qazishmalar olib boriladi.